Samarqand shahrida YUNESKOning “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinishiga bag‘ishlangan maxsus taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Ayni kunlarda qadimiy kentda davom etayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida tashkil etilgan tadbirda tashkilot rahbariyati va xorijlik delegatsiyalarning ta’lim sohasi vakillari, yurtimiz oliy ta’lim tizimi mas’ullari va oliy o‘quv yurtlari rektorlari qatnashdi.
Taqdimotda YUNESKO Bosh direktorining ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, YUNESKOning Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya byurosi raisi Stig Arne Skjerven va boshqalar mazkur konvensiyaning oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, diplomlar va malakalarni o‘zaro tan olish jarayonlarini soddalashtirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.
– Davlatimiz oliy ta’lim sohasi bo‘yicha ham YUNESKO bilan faol hamkorlik qilmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Bugungi kunda yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlarida 8 ta YUNESKO kafedrasi, mazkur tashkilot bilan uyg‘unlashgan 24 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 2024 yilda “Ipak yo‘li bo‘ylab barqaror tarixiy turizm” YUNESKO kafedrasi ochildi. Toshkent va Farg‘onaga shaharlari YUNESKOning global ta’lim shaharlari tarmog‘iga kirgan. Ayni paytda Samarqand va Nukus shaharlarini ham mazkur tarmoqqa qo‘shish borasida ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, tashkilot bilan hamkorlikda 9,6 million yevro qiymatidagi ishga joylashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida bittadan texnikum qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha jihozlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida texnikumlar pedagoglarini malakasini oshirish bo‘yicha markazlar tashkil etilmoqda. Davlatimizning “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilishi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim hamjamiyatidagi faol ishtirokini namoyon etib, milliy diplomlar va ilmiy darajalarning jahon miqyosida tan olinishi yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-26077]
Tadbirda yurtimiz ta’lim sohasi vakillari va xalqaro ekspertlar mazkur hujjatning O‘zbekiston milliy ta’lim tizimiga tatbiq etilishi, xalqaro ta’lim makonida mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari