Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vaziri Xuay Szinpin bilan muzokaralar olib bordi.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, muhandislik ta’limi, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim va pedagog kadrlar tayyorlash sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Keyingi yillarda hamkorlik aloqalari kengayib, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 29 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani, Urganch davlat universitetida Pekin universiteti hamkorligida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematik markaz ochilgani alohida ta’kidlandi. Uchrashuvda, shuningdek, Sian neft universitetining Samarqanddagi filiali hamda Pekin texnologiya instituti bilan hamkorlikda Injenerlik innovatsiyalar laboratoriyasini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Tomonlar kasbiy ta’lim sohasidagi “O‘zbek–Xitoy kasbiy ta’lim alyansi” faoliyatini rivojlantirish, “Xitoy ustaxonalari” loyihasini har bir hududda joriy etish va raqamli ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishib oldilar. Qo‘ng‘irotboy Sharipov, shuningdek, xitoy tilini o‘qitishni yanada rivojlantirish, sinxron tarjimonlar va yuqori malakali lingvistlar tayyorlash borasida ham amaliy qadamlar tashlashni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida vazirlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, 2-3-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi doirasida aniq tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldilar.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri