Andijon davlat universitetida “Oliy ta’limda korrupsiyaga o‘rin yo‘q” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda коррупцияга qarshi kurashish umummilliy vazifa ekanligi, har bir yurtdoshimiz ushbu illatning oldini olish va bartaraf etilishiga befarq qaramasligi, bu ishdan chetda turmasligi lozimligi ta’kidlanib, mazkur yo‘nalishda muhim vazifalar belgilangan edi.
Ana shu vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan aprel – “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik doirasida jamoatchilik orasida korrupsiyaning oldini olish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish, aholining ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Xususan, “Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi tashabbusi bilan Andijon davlat universitetida o‘tkazilgan davra suhbati ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Partiya viloyat kengashi yetakchilari, faollari, deputatlar, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etgan tadbirda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Dastlab davra suhbati ishtirokchilariga korrupsiya jinoyatining kelib chiqishi va uning oldini olish, ayanchli oqibatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng ekspertlar va huquqshunoslarning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi deputatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Sarvarbek Ergashev oylikning maqsadi, mazmun-mohiyati, viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Malohatxon Musayeva oylik doirasida Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
– Ming afsuski, oliy ta’lim dargohlarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi, – deydi partiya faoli, huquqshunos Mo‘’tabar Sodiqova. – Shu bois, biz eng avvalo, talabalarda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olganmiz. Agar yoshlar korrupsiya jamiyat rivojiga g‘ov ekanligini tushunib yetsa, uning oldini olishga qo‘yilgan katta qadam bo‘ladi. Davra suhbati davomida shu haqda yoshlarga keng va atroflicha tushunchalar berildi.
[gallery-22935]
Ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarning sifati va samaradorligini oshirish, oliy ta’lim tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari