English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’limda “Komplayens nazorat” tizimi orqali bir qator korrupsion holatlar aniqlangan
17:57 / 2021-11-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida oliy ta’lim tizimida “korrupsiyasiz soha” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda korrupsiyaga qarshi “Komplayens-nazorat” tizimi faoliyati, korrupsiyaviy holatlar yuzasidan murojaatlar va OTMlarda aniqlangan korrupsiyaviy holatlar tahlil qilindi.

bugungi kunda har bir oliy ta’lim muassasasida korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini joriy etish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan bo‘linma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlikda “Komplayens-nazorat” tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hozirga qadar 20ga yaqin me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan vazirlikning 76 ta normativ-huquqiy va ichki idoraviy hujjatlari o‘rganildi, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan 8 ta yo‘nalish tahlil qilindi. Vazirlik faoliyatida 209 ta korrupsiya xavfi aniqlanib, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Vazirlik va uning quyi tuzilmalarida korrupsiya va uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirish maqsadida 2021 yil 26-27 oktyabr kunlari BMT Taraqqiyot dasturining yetakchi ekspertlari hamda KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasining vakillari ishtirokida seminar-trening tashkil qilindi. Shuningdek, tizimda xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha majburiyatlar belgilandi.

– Telegram ijtimoiy tarmog‘ida @vazirga_takliflar_bot va “Anticoredu” boti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Vazir va uning o‘rinbosarlariga bevosita ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llash imkoniyati yaratildi, – deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov. –bugungi kunga qadar mazkur botga 116 ta murojaat va takliflar kelib tushgan. 

Murojaatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi. Ko‘rib chiqish jarayonida 25 ta murojaatda oliy ta’limda korrupsiyaviy holatlar mavjudligi to‘g‘risida xabarlar kelib tushgan. Mazkur xabarlar o‘rnatilgan tartibda mas’ullarni jalb qilingan holda o‘rganildi, o‘rganish natijalari bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rildi.

OTMdagi Korrupsiyaga qarshi “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limlari tomonidan korrupsion holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, bir holatda talabalar tomonidan tayyorlangan 8ta kurs ishlari va 10ta bitiruv malakaviy ishlarda plagiat (ko‘chirmachilik)ga yo‘l qo‘yilgani, 2ta holatda oraliq nazorat imtihonlariga o‘ringa-o‘rin kirish holati aniqlangan. Shuningdek, bir holatda o‘tkazilayotgan tanlov jarayonlarining g‘oliblariga beriladigan pul mukofoti berilmagan, yana bir holatda o‘qituvchi tomonidan talabalarga kitob sotish holati aniqlangan.

Shuningdek, uch holatda xarid qilinayotgan asbob-uskunalar va kompyuter vositalari (132 mln. so‘mlik) bo‘yicha shartnomalar bekor qilingan. Bir holatda OTM bosh hisobchisi o‘rinbosari tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan. 

Shu bilan birga talabaning to‘lov-kontraktining ortiqcha qismini qaytarib olishda ta’magirlik holati aniqlangan. Uch holatda talaba tomonidan o‘zlashtirilmagan fanlardan baho qo‘ydirish evaziga pora talab qilingan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA