Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’limda islohotlar zarur
17:05 / 2021-06-24

Keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish maqsadida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Islohotlar natijasida oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 25 foizga oshdi. Ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga ko‘paytirildi. 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkazildi. 187 ta texnikum o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktirildi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshdi. 30 ta yetakchi oliy o‘quv yurtiga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berildi.

Mazkur islohotlar ijtimoiy va madaniy hayotimizda izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Darhaqiqat, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan va intellektual salohiyatli kadrlarni tayyorlashda innovatsion va integratsion ishlarimiz ko‘lamini kengaytirish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yil 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytganidek, oliy ta’lim muassasalarida e’tiborimizni ko‘proq sifat va samaradorlikka qaratmog‘imiz lozim. Oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga tegishli ayrim normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari, o‘quv fanlari dasturi, talabalar bilimini reyting tizimida baholash nizomi kabi hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali ta’limning sifat va samaradorligini oshirishga erishishimiz mumkin.  

Birinchidan, faoliyatimizni o‘quv rejalarini optimallashtirish hamda fan dasturlarini jahon standartlariga moslashtirish bilan boshlashimiz lozim.  

Davlatimiz rahbari aytganlaridek, oliy ta’lim muassasalarining Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari, fan o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqib, zamon talablariga mos ravishda qayta tayyorlash kerak. bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida foydalanib kelinayotgan ko‘pgina o‘quv rejalari (bundan kredit-modul tizimi o‘quv rejalari mustasno) talabga javob bermaydi. Zero, unda mutaxassislik fanlariga nihoyat kam o‘rin va o‘quv soatlari ajratilgan. Unda mutaxassislik fanlariga nisbatan turli nomdagi fanlar kiritilgan.  

Barchamizga ayonki, o‘quv rejasi va fan dasturlari ta’limning sifat va samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. bugungi kungacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan aynan bir ta’lim yo‘nalishi uchun har bir o‘quv yilida o‘quv rejalarining alohida tartibda amaliyotga joriy etilishi yaxshi holat emas, albatta. Bir ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan turli kurslardagi talabalar uchun bir-biriga nomutanosib keladigan o‘quv rejalari ta’limning sifat va samaradorligini oshirishda hamda intellektual salohiyatli kadrlarni tayyorlash, talabalarning o‘qishini qayta tiklashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘quv rejalariga tartib berish mas’uliyati oliy ta’lim kafedralari ixtiyoriga havola etildi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining taklif va tavsiyasi o‘quv rejalarni tartibga solishda, yangidan tayyorlash va optimallashtirishda bo‘lajak kadrlarning kasbiy kompetensiyasi, bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish omillarini e’tiborga olish kerak. Shundagina, kelajakda yurtimizda zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan, xorijiy tillarda fikr-mulohazalarini erkin bayon eta oladigan, axborot-kommunikatsiya vositalari orqali ilm-fan yangiliklarini yetkazishga bor mahorat va iste’dodlarini namoyon eta oladigan kadrlar yetishib chiqadi.

Ikkinchidan, zamonaviy metodologik talablar va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish.

Izchillik bilan davom etayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar zamonaviy metodologik talablar, innovatsion va integratsion yondashuvlar, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yangicha yondashuv, yangicha qarashlar bilan yaratishni taqozo etmoqda. Yaratilgan o‘quv adabiyotlarimiz nafaqat yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar, balki xorijiy oliy ta’lim muassasalarida saboq olayotgan talabalar uchun ham asosiy o‘quv adabiyotlardan biri sifatida xizmat qilmog‘i lozim.

Ushbu sohada amalga oshiriladigan ishlarimiz ham nihoyatda ko‘p. Shulardan bittasi asosiy o‘quv adabiyotlarini chet tillariga tarjima qilishni tashkil etadi. Mazkur masalalar ijrosiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi alohida e’tibor qaratmoqda.

Finlyandiya tajribasi asosida tayyorlangan “Milliy o‘quv dasturi” bo‘yicha 1-, 2-sinf o‘quvchilari uchun “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsliklari, mashq daftarlari, metodik qo‘llanmalar, multimedia majmualar, dotsent M.Valiyev tomonidan Rossiya Federatsiyasi ilg‘or tajribasi asosida Toshkent davlat transport universiteti talabalari uchun “Lokomotivlarning elektr jihozlari” darsligi yaratildi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yozish va nashr ettirish ishlari partiyadoshlarimiz tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.  

Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalarida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yish orqali professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun qulay shart-sharoit yaratish.

Mazkur sohalarga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni, professor-o‘qituvchilarning lavozim faoliyatiga aloqador talablar, talabalarning bilimini baholashga tegishli reyting nizomini qayta ko‘rish lozim. Shunda professor-o‘qituvchilar va talabalar faoliyatiga tegishli bo‘lgan qog‘ozbozlik bartaraf etiladi. Talabalar tomonidan topshiriladigan reyting nazoratlar masalasini qayta ko‘rib chiqish lozim. Mazkur tizim raqamli ta’lim yuzaga kelganligi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.

Majburiy tarzda kurs ishi va malakaviy bitiruv ishlarini yozib topshirish talaba uchun noqulaylik tug‘diradi. Maqsadimiz qog‘ozbozlikka barham berish ekan, ushbu masalani ijobiy hal qilishga e’tibor qaratmog‘imiz lozim. Shundagina barchamiz oliy ta’lim tizimidagi korrupsion holatlarni bartaraf etishga erishamiz.

Yana bir muhim masala: magistraturada o‘qish istagini bildirgan kadrlarning kirish imtihonini qabul qilish mas’uliyati to‘laligicha Davlat test markazi orqali amalga oshirilishi lozim. Shundagina magistraturaga mutaxassislik yo‘nalishlarida kirish imtihonlarini topshirish sohasida ayrim oliy ta’lim muassasalarida uchraydigan salbiy va korrupsion holatlar yo‘qola boshlaydi. Yurtimizda esa intellektual salohiyatli kadrlar ko‘payib, ta’lim-tarbiya, ilm-fan sohasida sifat va samaradorlik rivojlanib boraveradi.  

 

Tavakkal CHORIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA