Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim: yuksak maqomga qachon, qanday erishamiz?
13:12 / 2021-06-21

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishtirok etib, hali juda ko‘p ishlashimiz kerakligini, yillar davomida to‘plangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish zarurligini, loqaydlik, beparvolik illatlaridan qutilishimiz muhimligini, zamon bilan hamnafas, hamqadam bo‘lish shartligini chuqur angladim.

O‘zbekistonda ta’lim tizimi maktabgacha ta’lim, maktab, letsey, kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlaridan iborat bo‘lsa-da, eng yuqori bosqich hisoblanadigan oliy ta’lim insonning shakllanishida, jamiyatga integratsiyalashuvida, mutaxassislik olishida asosiy omil hisoblanadi.  

Prezidentimiz shuning uchun ham islohotlarni dastlab, oliy ta’limdan boshlagan edi. Insof bilan aytganda, professor-o‘qituvchilarning oyligi keyingi besh yilda 3,5 baravarga oshirildi. Yillar davomida yelkamizda yuk bo‘lib kelayotgan juda ko‘p tashvishlardan ozod etildik. Buning evaziga muallimdan, domladan faqat fidoyilik, o‘z ishiga vijdonan yondashish talab etilmoqda. Shu o‘rinda, oliy o‘quv yurtlarida tayyorlangan kadrlar barcha sohalarda ishlashini tasavvur qiladigan bo‘lsak, zimmamizda naqadar mas’uliyatli vazifa borligini tushunamiz.

Oliy ma’lumotli quruvchining xatosidan ma’lum bir odamlar aziyat chekadi. Agronom qishloq xo‘jaligi ekinlariga, hisobchi iqtisodiyotga ziyon yetkazishi mumkin. Lekin  o‘qituvchi, olim farzandlarimizga yaxshi bilim bermasa, bundan butun jamiyat mislsiz zarar ko‘radi. Demak, o‘qituvchini, olimni xato qilishga, befarq bo‘lishga haqqi yo‘q.

Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasi tubdan yaxshilandi. So‘nggi 3 yilda buning uchun 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Qabul kvotalari 3 baravarga ortdi. 66 mingtadan 181 mingtaga yetkazildi. Buning natijasida 0,25 yoki 0,5 shtatda, kam maosh olib ishlayotgan professor-o‘qituvchilar uchun to‘liq shtatda, muqim ish o‘rinlari yaratildi. Ularning chet ellarda e’lon qilingan maqolalari yoki kitoblari uchun rag‘batlantirish tizimi joriy qilindi. Xorijda malaka oshirishi uchun davlat tomonidan katta miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Ilmiy unvonlar berish tartiblari osonlashtirildi. Ta’limning barcha tizimlarida majburiy mehnatga butunlay barham berildi. Iste’dodli yoshlarni tarbiyalayotgan, ilmiy rahbarlik qilayotgan olimlarga mukofotlar  joriy etildi. Muxtasar aytganda, Prezidentimiz  olimlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni eng oliy darajaga yetkazdi. Eng muhimi mazkur jarayon davom etmoqda. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, prfessor-o‘qituvchilardan talab etilayotgan salohiyat, sifat va samaradorlik, halollik, insof darajasi hamon pastligicha qolmoqda.

Oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashish holatlari mavjud. Ilmiy ishlarning natijadorligi talab darajasida emas. Bundan 5-10 yillar oldin, ular bilan suhbatlashsangiz, har yili ish o‘rinlari qisqarayotganidan, maosh kamligidan, majburiy mehnatdan, ilm odamlarining qadri yo‘qligidan nolishar edi. Bugun butunlay boshqa manzara. Ilm ahli hurmat va izzatda. Mehnatiga  yarasha moddiy ta’minlanmoqda. Endi gap faqat natijada. Xalqimiz kelajakda yaxshi yashashi uchun bugun bolalarimizga munosib ta’lim berishimiz kerak. Olimlarimiz 20-30 yil oldingi  ma’ruzalaridan voz kechib, zamon bilan birga qadam tashlashi kerak. Chet tilini bilmaslik, internet, zamonaviy texnologiyalardan bexabarlik holati bilan butunlay murosa qilib bo‘lmaydi.  

Tarixga nazar tashlasak, Samarqanddagi Ulug‘bek madarasasiga, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasiga yuzlab mamlakatlardan ilm toliblari kelib tahsil olgan. Ilm qayerda bo‘lsa, o‘sha mamlakat rivoj topadi. Millat qaddini tiklaydi. Qolganlar hisoblashishga majbur bo‘ladi. Bugun kuchli quroli bor, qudratli armiyaga ega mamlakatlar emas, yuksak bilim, sifatli ta’limga ega xalqlar, mamlakatlar taraqqiy etmoqda.

Mustabid tuzum va ming afsuski, mustaqillik yillarida ham ilm-fanga, olimlarga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani tufayli biz ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar borasida ortda qolib ketdik. Nima qilish kerak? Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ilm-fan rivojlangan davlatlarga  yoshlarimizni yuborib, o‘qitishimiz kerak. Xorijlik domlalarni ishga taklif etishimiz zarur. Boshqa yo‘l yo‘q. O‘shandagina o‘zgarish bo‘ladi.  

bugungi kunda Samarqand davlat universiteti jahonning 160 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Bir qator dunyoning nufuzli olimlari talabalarimizga onlayn mashg‘ulotlar o‘tmoqda. Ular ichida ikki nafar Nobel mukofoti laureati ham bor. SamDU bilan Finlyandiyaning Turku universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, SamDU qoshida  O‘zbek-fin pedagogika instituti tashkil etilmoqda. Kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilarni chetdan jalb etish amaliyoti allaqachon yo‘lga qo‘yildi. Lekin bu yetarli emasligini o‘zimiz ham yaxshi bilamiz. Kelajakda fakultet dekanlari, prorektorlarni xorijdan taklif qilish rejamiz bor.  Eng muhimi,  xorijlik olimlarning O‘zbekistonga Samarqandga qiziqishi borligi kishida umid uyg‘otadi.  

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlar, ochiqlik siyosati, inson huquqlarini ta’minlash, demokratiya munosabatlariga ijobiy baho bermoqda. Buning natijasida uzoq yillar davomida O‘zbekistonga salbiy qaragan Yevropa mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari SamDU bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lmoqda. Yosh olimlarimizni stajirovka, doktoranturaga qabul qilishda ko‘maklashmoqda.  

2021 yilning o‘zida o‘nga yaqin xorijiy mamlakatning O‘zbekistondagi elchilari Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurib, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi. Endigi vazifa yanada faolroq bo‘lish. Mana shunday e’tibordan foydalanish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat.

Samarqand dunyo nigohidagi shahar. Bu zaminga tashrif buyurayotgan mehmonlar albatta SamDUni ham ziyorat etishga harakat qiladi. Xorijiy ekspertlarning O‘zbekistonga  qiziqishi, hayrati, menga faxr bag‘ishlaydi.  

Isroilning Xolon texnologiya instituti prezidenti Eduard Yakubovning mana bu fikrlarini keltirmoqchiman: «Butun dunyo mamlakatlari rahbarlarini Prezident Shavkat Mirziyoyevdan o‘rnak olishga chaqiraman. O‘zbekiston ta’lim tizimiga qisqa fursatda juda katta mablag‘lar yo‘naltirildi. Xalqaro aloqalarga e’tibor ortdi. Olimlarning moddiy rag‘bati kuchaytirildi. Ta’limning barcha bo‘g‘inlari isloh etildi. Bunday inqilobiy o‘zgarishlarni faqat xalqini sevgan, qadrlagan inson amalga oshiradi.» Bunday e’tiroflarni Samarqand shahriga kelgan o‘nlab xorijliklardan eshitaman.

Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida oliy o‘quv yurtlaridagi darsliklar muammosi, korrupsiyaviy jinoyatlar haqida tashvish bilan gapirdi... Eng muhimi yana oliy o‘quv yurtlariga mustaqillik berish, kafedralarning nufuzini oshirish, ishlab chiqarish korxonalarini oliy o‘quv yurtlariga jalb etish, yosh olimlarni xorijga yuborish,  xarajatlarning ma’lum miqdorini byudjetdan qoplash, viloyat hokimlarini oliy o‘quv yurtlariga e’tiborini yanada kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarni chet tiliga o‘qitish, oliy o‘quv yurtlari ilmiy salohiyatini oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.  

Buni Prezidentimiz tomonidan bizga ko‘rsatilayotgan cheksiz g‘amxo‘rlik, e’tibor, sharoit, ta’bir joiz bo‘lsa qo‘shimcha imkoniyat, deb tushunishimiz, o‘z o‘rnida munosib javob qaytarishimiz zarur.  

Avvalo, professor-o‘qituvchilarimizga, ustoz-murabbiylarimizga, ziyolilarimizga mamlakat va xalqqa daxldorlik, Vatanga muhabbat, millat oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini singdirishimiz zarur. O‘shanda ular tarbiyalagan yoshlarda ham mazkur g‘oyalar mustahkam bo‘ladi. Tarbiyamiz taqdirimizni belgilashini unutmasligimiz kerak.

Anglashimiz kerakki, O‘zbekistonda boshlangan islohotlar endi hech qachon ortga qaytmaydi. Munosiblar bir safda bo‘ladi. Qolganlarni  taraqqiyotning o‘zi chetga chiqarib tashlaydi. Bu achchiq haqiqatdan o‘zimizga tegishli xulosa chiqarib olishimiz shart.

 

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti  

rektori, professor