French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim: xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
11:24 / 2022-07-22

Andijon mashinasozlik institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari, doktorantlari Italiyaning Paviya shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda ishtirok etib qaytdi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Erasmus+ dasturi asosida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda oliy ta’limni yangi texnologiyalar orqali modernizatsiya qilish (HiEdTech)” loyihasi doirasida Italiyaning  Paviya universitetida  o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Italiya, Bolgariya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya singari Yevropa davlatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikalaridan jami 20 ta oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlash, bu borada pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish singari qator ustuvor  vazifalar belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida institutimiz “Markaziy Osiyoda oliy ta’limni yangi texnologiyalar orqali modernizatsiya qilish (HiEdTech)” loyihasida ishtirok etmoqda.

Talabalarning masofadan ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish uchun oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv resurslarini yaratish, professor-o‘qituvchilar tomonidan fanlar bo‘yicha tayyorlangan o‘quv materiallarini masofaviy ta’lim platformalariga joylashtirib borishi, virtual muhitda ishlashni yaxshilash uchun “Masofaviy ta’limni tashkil etish texnologiyalari” kurslarini yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish  amalga oshirilayotgan loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

[gallery-7997]

Bir necha kun davom etgan anjuman doirasida Yevropaning yetakchi xorijiy universitetlar professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari ishtirokida variativ ta’lim trayektoriyalari, masofaviy kurslar ko‘lami va samaradorligini oshirish, ilg‘or o‘qitish texnologiyalarini joriy etish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish  bo‘yicha  mashg‘ulot, trening va taqdimotlar o‘tkazildi.

Anjuman davomida O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi – Andijon mashinasozlik instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari 
faol ishtirok etib, masofaviy ta’limni yangi bosqichga ko‘tarish, loyiha doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umuman, loyihani samarali amalga oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

Andijon mashinasozlik instituti taqdimoti doirasida “Andijon polkasi” raqsi ijrosi tasvirlangan videorolik namoyishi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Bundan tashqari, dam olish kunida O‘zbekiston vakillari o‘zbek do‘ppisini kiyib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarib Paviya shahri ko‘chalarida sayr qildi, italiyaliklarga O‘zbekistonimiz haqida ma’lumotlar berildi.

Italiyaning shimoliy hududlaridan hisoblangan Lombardiya regionidagi Paviya shahri Tichino daryosining quyi qismida joylashgan bo‘lib, shaharda 80 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Jahondagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Paviya universiteti faoliyatiga 1361 yilda tamal toshi qo‘yilgan. Universitetda “Muhandislik ishi va texnologiyalar”, tibbiyot, tabiiy fanlar, ayniqsa, matematika va fizika ta’limning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. Ayni kunda universitetda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 19 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi.

Anjumanda ishtirok etish bilan birga, shu tarzda yurtimiz, milliy libos va san’atimizni olis Italiya davlatida targ‘ib etishga harakat qildik.

Akmaljon Ermatov,

Andijon mashinasozlik instituti

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.

O‘zA