Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim va maktablar o‘rtasidagi hamkorlik samaralari
14:51 / 2022-05-12

Maktab va oliy ta’lim. Bu ikki ta’lim dargohini bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular o‘zaro bir biri bilan uzviy bog‘liq va bir-birini to‘ldirib boradi, rivojlantiradi.

Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasida, xususan, maktablarimizni bugungi kun talablari asosida tashkil etishda tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalarining ham jalb etilayotgani bejiz emas.

Ayni davrda O‘zbekistonda 10130 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning 2730 tasi shaharlarda, 7408 tasi esa qishloqlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. bugungi kunda maktablarda 6246491 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Keyingi yillarda Xalq ta’limi tizimida bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari keng targ‘ib qilinmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat sanaladi. Mamlakatimizdagi maktablarda ta’lim yettita tilda olib boriladi. Xususan, o‘zbek tilida ta’lim beradigan maktablar bilan bir qatorda (8227 ta maktab) 245 ta qoraqalpoq tilida, 143 ta qozoq tilida 92 ta tojik tilida, 88 ta rus tilida, 23 ta turkman tilida, shuningdek, 21 ta qirg‘iz tilida ta’lim beradigan maktablar mavjud.

Maktablarda jami 502867 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatib, shundan 343961 nafarini ayollar, qolgan 158726 nafarini erkaklar tashkil etadi.

Maktab o‘qituvchilarining 26929 nafari oliy toifaga, 74703 nafari birinchi toifaga, 118478 nafari ikkinchi toifaga ega bo‘lib, 282577 nafar o‘qituvchilar tegishli toifalarga ega emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida (2022 yilning 4 mart kuni) oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati bir qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, universitetimiz Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga qarashli 54 ta maktab bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Bugun Bo‘ka tumanidagi 6, 43, 44, 46, 49, 54 – maktab bitiruvchilari uchun universitetimizda “Ochiq eshiklar” kuni tadbiri o‘tkazilmoqda.

Hamkorligimiz mavsumiy emas, uzoq muddatga mo‘ljallangan. Asosiy e’tibor bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun ko‘maklashish va yoshlarni kasbga o‘rgatish, ikkinchi tomondan, quyi sinflarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni qiziqishlariga qarab kasb-hunarga yo‘naltirish, iste’dodlarini yuzaga chiqarishga qaratiladi.

Oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda ishlagan, ularning qanday va nima bilan “nafas olayotganini” anglagan maktab pedagoglari ham o‘quvchilarga bilim berish jarayonida ushbu omillarni, albatta, inobatga oladi. O‘quvchi-yoshlarda esa maktabdalik paytidayoq oliy ta’lim haqida muayyan tasavvur paydo bo‘ladi, qiziqish uyg‘onadi, o‘z kelajagini yanada yorqinroq tasavvur eta boshlaydi.

Bitiruvchi sinf o‘quvchilarining qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, universitetda mavjud 67 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Maktab o‘quvchilari universitetning mashinasozlik, mexanika, elektronika va avtomatika, elektr va issiqlik energetikasi fakultetlarining laboratoriyalari va ta’lim yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

O‘qituvchi – ustozlarga esa toifalariga qarab o‘z ustida ishlashlari uchun haftalik, oylik, choraklik, yillik vazifalar belgilab berildi va oliy ta’lim muassasasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ushbu hamkorlikning yana bir muhim jihati, endi erishayotgan yutuq yoki yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar uchun maktab ham, universitet ham birdek mas’ul. Bu, hamkorlik samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Maktablar bilan hamkorlikni samarali tashkil etish va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shish institutimizning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Oliy ta’lim muassasasi va maktablar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bunday hamkorlik yaqin kelajakda o‘z mevasini berishi shubhasiz.

Jasur Safarov

TDTU Mashinasozlik fakulteti dekani