Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Samarqand viloyatida bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari faoliyati, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish va bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, vazir Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Boltabek mahallasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari, magistrlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishdi. Kattaqo‘rg‘on tumanida “og‘ir” toifaga kiruvchi 9 ta mahalla belgilangan bo‘lib, talabalar o‘z g‘oya va takliflarini taqdimotlar orqali namoyish etdi.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 23 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida universitetning shahar qurilishi va kommunal infratuzilmani boshqarish, geodeziya, arxitektura, qurilish, shaharsozlik hamda iqtisodiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalari, magistrlar va yosh tadqiqotchilari Samarqand viloyatidagi 103 ta mahallaga biriktirilgan. Ular maxsus tashkil etilgan shtabda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarning master rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlamoqda. Bunda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, qurilish va energetika masalalari, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Q.Sharipov ta’lim muassasasi va ish beruvchi hamkorligini o‘zida aks ettiruvchi dual ta’lim jarayonlari bilan tanishish maqsadida Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” korxonasida bo‘ldi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari uchun laboratoriya vositalari, sport jihozlari, mebel va boshqa asbob-uskunalar ishlab chiqarilayotgan zavodda ayni paytda tumandagi texnikumlar o‘quvchilari dual ta’lim asosida nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab, o‘qib ham ishlamoqda.

Korxona tomonidan o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida yaratilgan zamonaviy laboratoriya va ishlab chiqarish maydonlari bo‘lajak mutaxassislarning o‘z sohasi bo‘yicha puxta bilim olishi va malakaga ega bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Samarqand davlat iqtisodiyot va servis institutida Q.Sharipov ishtirokida “Vazir va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Jonli va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda talabalar tomonidan bildirilgan savollarga vazir atroflicha javob berdi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni startap loyihalar va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalarning taklif va tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishuv yakunida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri viloyat hokimligi hamda oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirish, ta’lim tizimiga xorijiy investitsiya va grantlarni jalb etish hamda kasbiy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda “oliygoh-korxona-hudud” tamoyili asosida ish olib borish, yoshlar bandligini ta’minlash va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
– Bugungi kunda Samarqand viloyatida 19 ta oliy ta’lim tashkilotida 116 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, – dedi Q.Sharipov. – 2026 yilda oliy ta’lim muassasalari faoliyatining asosiy mezoni bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi bo‘ladi. Bunda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, dual ta’lim elementlari joriy etilgan dasturlar ulushini kamida 25 foizga yetkazish lozim. Shuningdek, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, karera markazlari faoliyatini kuchaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish har bir oliy ta’lim muassasasi rahbariyatning doimiy e’tiborida bo‘lishi kerak.

Yig‘ilishda viloyatdagi 57 ta texnikum faoliyati tahlil qilinib, dual ta’lim qamrovini 20 foizga yetkazish, xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish va texnikumlar samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri