Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Ta’limda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda respublika bo‘yicha 200 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, sohaning yetakchi mutaxassislari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Forum mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini kompleks joriy etish, ta’lim sifatini oshirish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga qaratildi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova tez o‘zgarayotgan global vaziyat O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilashni talab etayotganini ta’kidlab, bu borada inson kapitali va kadrlar tayyorlash, sun’iy intellektdan foydalanishda etik, huquqiy va akademik me’yorlarni belgilash, raqamli infratuzilma va mahalliy ma’lumotlar bazasini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi, alohida pilot loyihalarni boshlashi, professor-o‘qituvchilar va texnik mutaxassislar salohiyatini oshirishga sarmoya kiritishi zarurligiga, eng muhimi, bu yo‘lda hamkorlikda harakat qilish, tajriba va natijalarni birgalikda tahlil qilish kerakligiga e’tibor qaratdi.

Tadbir davomida ta’lim jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish, personallashtirilgan o‘qitish modellarini rivojlantirish, ta’limni boshqarishda ma’lumotlar tahlilidan foydalanish, akademik halollikni ta’minlashda intellektual yechimlarni qo‘llash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichida sun’iy intellekt texnologiyalari strategik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Chunki sun’iy intellekt raqamli iqtisodiyot, ilmiy taraqqiyot va inson kapitali rivojining muhim drayveriga aylanmoqda.

Jahon tajribasi sun’iy intellekt bozori hozirning o‘zida yarim trillion AQSH dollariga yaqin hajmga ega ekanini, uning o‘sish sur’ati esa o‘nlab foizlarni tashkil etayotganini ko‘rsatmoqda. AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya va boshqa qator davlatlar ushbu sohada katta investitsiyalar, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash orqali yetakchilik uchun raqobat qilmoqda.
Forumda ta’lim sohasida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarga alohida e’tibor qaratildi. Jahonning yetakchi universitetlarida virtual maslahatchilar, personallashtirilgan ta’lim platformalari, tahliliy va monitoring tizimlari, shuningdek, plagiat va akademik qoidabuzarliklarni aniqlashga qaratilgan intellektual yechimlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Muhokamalar natijasida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarni sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli pedagogika bo‘yicha qayta tayyorlash va malakasini oshirish, har bir talabada sun’iy intellekt asoslari va raqamli gigiyena bo‘yicha bazaviy bilimlarni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishda etik, huquqiy va akademik me’yorlarni belgilash, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi va shaffoflikni ta’minlash, universitetlarning ichki reglamentlarini takomillashtirish muhimligi qayd etildi.
Raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, mahalliy ma’lumotlar bazalari va o‘zbek tilidagi raqamli kontentni rivojlantirish masalalari ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Forum yakunida har bir oliy ta’lim muassasasi sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha o‘z strategiyasi va amaliy “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi, pilot loyihalarni boshlashi, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish va birgalikda harakat qilish orqali sun’iy intellektni ta’lim tizimiga samarali joriy etish imkoniyatiga ega.
Forum mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida sun’iy intellekt asosidagi milliy modelni shakllantirish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonning mintaqada hamda jahonda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA