Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining ijrosi muhokama qilindi.
Unda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, loyiha doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) joriy etilib, 35 turdagi ma’lumot raqamlashtirildi.

my.edu.uz va my.uzbmb.uz axborot tizimlari joriy etilishi natijasida abituriyentlarning vaqtini tejash, xarajatlarini qisqartirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarning oldini olishga erishildi. Kirish imtihonlarining onlayn translyatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.
Muhokamada ushbu ijobiy ishlar e’tirof etilishi bilan bir qatorda loyihani amalga oshirishda kuzatilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi vazifalar belgilab olindi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu lavozimlarda ishlovchi shaxslarni har 3 yilda rotatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Barcha ta’lim muassasalarida quyi va o‘rta bo‘g‘indagi bo‘sh lavozimlarga ochiq tanlov tizimi amaliyotga joriy etiladi hamda ta’lim muassasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari uchun “vacancy.edu.uz” platformasi orqali onlayn hujjat topshirish jarayoni qat’iy nazoratga olinadi.
Oliy ta’lim muassasalarining “komplayens-nazorat” tuzilmalari xodimlarini rektorlar qaramog‘idan chiqarib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka bo‘ysundirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat xaridlari sohasida xarid ishtirokchilarini tekshirish va baholash samaradorligi oshiriladi.
Muhokama davomida mas’ullarga bir qator amaliy tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA