Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi qanday choralar ko‘rilmoqda?
16:44 / 2025-12-23

Quyi palata majlisida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipovning “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosi hamda sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Vazir tomonidan ta’kidlanganidek, oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Korrupsiyasiz soha” loyihasi asosida komplayens nazorat tizimi joriy qilinib, shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish maqsadida “HEMIS”, diplom.edu.uz, vacancy.edu.uz kabi axborot tizimlari ishga tushirilgan. Oliy ta’lim muassasalarida “Registrator ofis”lar tashkil etilib, bu orqali 30 dan ortiq davlat xizmatlari “Yagona darcha” tamoyili asosida elektron shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Vazirlik tizimida “Situatsion markaz” orqali masofaviy audit hamda hududlarda profilaktik-nazorat tadbirlari amalga oshirilib, natijada 113,6 mlrd. so‘mlik moliyaviy xatoliklar va samarasiz xarajatlarning oldi olingan, 4,4 mlrd. so‘mlik huquqbuzarlikka oid materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Vazirga ko‘ra, pedagog va talabalarning sodir etgan korrupsiyaviy jinoyatlari tahlil qilingan. Bosh prokuratura bilan hamkorlikda aniq choralarni amalga oshirish bo‘yicha 2 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.  

Nodavlat oliy ta’lim muassasalarini litsenziyalash jarayonlaridagi talablar 9 tadan 5 taga tushirildi. Natijada nodavlat oliy ta’lim dargohlari soni 74 taga, ulardagi talabalar soni esa 716 minga yetdi.  

Raqamlashtirish jarayonlari sohaga keng joriy etilmoqda. Natijada moliyaviy hisob-kitoblarda korrupsiyaviy omillarning oldi olinmoqda, moliyaviy xavfsizlik ta’minlanmoqda. Moliyaviy jarayonlarning tezkorligi 80 foizga oshirildi.  

Muhokamalarda erishilgan natijalar bilan bir qatorda sohada hali yechilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar va muayyan kamchiliklar hamon saqlanib qolinayotgani qayd etildi. Bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, tegishli javoblar olindi. Xususan, talabalarning yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan deputatlarning savoliga javoban vazir talabalar turar joylarida 2030 yilgacha 150 ming o‘rin yaratilishi belgilanganini aytib o‘tdi. Hozirda 50 foizdan ortiq yoshlarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoji qondirilgan. Vazir yana 3 yildan keyin talabalar turar joyiga bo‘lgan talab yuz foiz qondirilishini ma’lum qildi.  

Vazir eshituvi davomida oliy ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish “HEMIS” platformasini keng ko‘lamda va samarali joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Majlisda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA