Bugun shiddat bilan yangilanib borayotgan davr barchamizni yangilanishlar sari da’vat etar ekan, endilikda o‘zligimizga, ishimizga, salohiyatimizga, tajriba va natijamizga berilayotgan baho mezonlari ham tobora ortib, talablar sifat sari balandlamoqda. Zero, zamon ham ushbu talablarga monand ravishda bizdan strategik rejalar asosida ish tutishni, uzoqni ko‘ra bilishni, davr bilan hamnafas emas, undan kamida besh yil oldin harakatlanishni taqozo etmoqda.
Aytish kerakki, so‘nggi besh yil ichida oliy ta’lim tizimiga tatbiq etilgan islohotlar samarasi bugun o‘z natijalarini bera boshlagani barcha sohada ifodasini topmoqda. Bu tizimdagi o‘zgarishlar, amaliy ishlar ko‘lami, islohotlar mevasi nafaqat mamlakat miqyosida balki, xalqaro maydonda ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Haqli ravishda ta’kidlash joizki, bugun Yangi O‘zbekiston oliygohlarining xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlari yangicha yo‘nalishda taraqqiy etmoqda.
Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan so‘nggi uch yilda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish maqsadida xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistonning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi “Quacquarelli Symonds" xalqaro agentligining 2022 yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingida ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘z natijalarini yuqori pog‘onalarga olib chiqqanligida yaqqol ko‘rinadi.
QS World University Rankings EECA, ya’ni Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy universiteti o‘tgan yili 351+ o‘rin olgan bo‘lsa, 2022 yil uchun e’lon qilingan reytingda 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, 251+ o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti 211+ o‘rin bilan o‘tgan yilgi natijalardan 40 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.Toshkent davlat texnika universiteti va Samarqand davlat universitetlari o‘tgan yilgi 351+ o‘rinni saqlab turibdi.
Shu o‘rinda ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bundan 3 yil avval xorijiy ekspertlar tomonidan respublikaning 10 ta oliy ta’lim muassasasi (O‘zMU, TIQXMMI, TDTU, TATU, SamDU, TDAU, UrDU, TTA, Turin politexnika universiteti, QQDU) tanlab olinib, ularning Times Higher Education va QS bazasida tegishli profillari yaratilgan edi.
Ko‘rsatkichlar asosida xulosa qilish mumkinki, bugun yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglari ro‘yxatiga kirish uchun raqobatga kirishgan va dunyoning kuchli 1000 va 500 universitetlari qatoridan joy olish uchun o‘z rejalariga, chora-tadbirlariga ega. Bu borada Farg‘ona davlat universiteti ham kundan-kunga xalqaro hamkorlik sari yangi qadamlar tashlagan holda, milliy ta’lim sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, shuning barobarida oliy ta’limni Yangi O‘zbekistonga xos va mos tizimga aylantirishni oliy maqsad qilib belgilagan.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA