Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim tizimi: erishilgan yutuqlar ertangi kunga poydevor...
14:17 / 2022-08-30

«Qanday zo‘r zamonlar keldiya. Bir paytlar oliygohga o‘qishga kirish uchun bittagina universitetga hujjat topshirilar edi. Hozirgi abituriyent 5 tagacha universitet tanlash imkoniyatiga ega. Avvallari, imtihonlar deyarli ko‘pi shpargalka, tanish-bilishchilik asosida saralanar edi. Puli borning bolasi o‘qishga kirar edi. Hozir bilimi bor o‘qishga kiryapti. Prezident bu tizimni tartibga solib, xalqning duosini oldi...» – onaxonning bu so‘zlari ayni davrda yoshlarga berilgan imkoniyatlarni e’tirof etgan holda aytildi.

Darhaqiqat,  bugun yoshlarimizning ta’lim olishlari uchun keng imkoniyat va zarur sharoitlar yaratilmoqda. So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida erishilgan muhim ijobiy o‘zgarishlarga e’tiboringizni qaratsak. Oliy ta’lim vazirligining bergan ma’lumotiga ko‘ra, tizim muassasalarida 800 mingga yaqin talabaga 33 mingdan ortiq professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.

O‘tgan 6 yil mobaynida oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 170taga yetdi. 31 ta xorijiy va 27 ta nodavlat oliygohlar tashkil etildi. Shunga ko‘ra, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yoshlarga oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun 20 dan ortiq imtiyoz berilgan bo‘lib, ularning ko‘pi davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Talabalarga ham turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, oliygohda tahsil oladigan talabalar uchun to‘lov kontrakt miqdorini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash huquqi berildi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, joriy o‘quv yilida tahsil oladigan talabalarning 47 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2022-2023 yil o‘quv yilidan boshlab, bazaviy to‘lov kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasaga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan qizlar, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi.

E’tiborga molik yana bir yangilik. Joriy yilning 18 iyulda Prezidentimizning «Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarining barcha shaklida o‘qiyotgan talabalar qizlar uchun 7 yilga mo‘ljallangan foizsiz kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Talaba o‘qishni bitirganidan so‘ng 7 oydan boshlab, olgan kreditlarni qaytaradi.

Ma’lumot sifatida aytadigan bo‘lsak, magistratura mutaxassisligida joriy o‘quv yilida talabalarning 23 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Endilikda magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakti to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilishi jamiyatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tiborning yana bir ko‘rinishi deb bilaman.

Alohida ta’kidlash joiz, Yangi O‘zbekiston universitetining tashkil etilganligi esa iqtidorli yoshlarimiz uchun alohida imkoniyat yaratdi.

Bugun yurtimizda xorijiy yetakchi universitetlarning filiallari faoliyat yuritmoqda. Bunda Sankt-Peterburg universiteti, I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, Qozon federal universiteti hamda Italiyaning Piza universitetini alohida qayd etish joiz. Bunday salohiyatli xorijiy oliygohlarning faoliyati mahalliy oliygohlarning rivojlanishiga ham o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Ayni davrda bilim dargohlarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnik bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda, jumladan, professor-o‘qituvchilarning daromadlari ham ortyapti.

Muhim o‘zgarishlardan biri o‘qishga kirishda xotin-qizlarga, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun grantlar ajratildi. Eng muhimi, o‘tgan yildan boshlab davlatimiz xalqaro va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga grant berila boshladi. Bilimi bor, ammo moddiy taraflama qiynalgan yoshlar uchun bu katta imkoniyat.

Oliy ta’lim muassasalarining faqatgina qamrovi oshirilgani yo‘q. Aksincha talabalarning bilim saviyasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar xohlagan professor o‘qituvchi darslarida onlayn ravishda ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.

Tizimda qabul va ta’lim jarayoni raqamlashtirilgan. Bundan 3-4 yil oldin abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish uchun har xil tashkilotlardan turli ma’lumotnomalar so‘ralgan. Mazkur jarayoning barchasi hozirda raqamlashtirildi.

Respublika oliy ta’lim tizimini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘ngi 5 yilda 11 ming 990 nomdagi yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratildi va joriy etishga ruxsat berildi.

Bu yil 1 ming 527 nomdagi adabiyotlar  chop etildi. Shu bilan birga, yurtimiz oliy ta’lim muassasalarining xorijiy universitetlar bilan o‘z aro hamkorlik dasturlari hamda «El yurt umidi jamg‘armasi» grantlari doirasida 6 ming 151 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborildi.

To‘g‘ri, kvotalar oshirilganidan keyin talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoji oshib bormoqda. Oliy ta’lim vazirligining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda talabalar turar joylaridagi yashash xonalarini optimallashtirish natijasida qo‘shimcha qariyb 20 ming o‘rin yaratilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda yana 11 ming o‘rinli 28 ta yotoqxona tashkil etilib, foydalanishga topshirildi. Natijada davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joyining soni 256taga yetkazilib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoni yaratildi. Yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojning 41 foizi ta’minlandi.

Shuningdek, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassisi talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizda talaba-yoshlar ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunga har birimiz guvoh bo‘lyapmiz.

 

Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA