O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda buyurtmachilar ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, vazirlik va idoralar hamda tashkilotlarning kadrlar tayyorlash bo‘yicha yo‘nalishlar kesimida bergan buyurtmalariga muvofiq ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari orasidan munosiblarini saralab olish hamda ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan bitiruvchilarni ishlab berish sharti bilan ta’lim olish davridagi shartnoma to‘lovlarini qoplab berish amaliyoti joriy etiladi.
Qaror bilan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining buyurtmachilar bilan hamkorligini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
vazirlik va idoralar hamda tashkilotlarning kadrlar tayyorlash bo‘yicha yo‘nalishlar kesimida bergan buyurtmalariga muvofiq ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari orasidan munosiblarini saralab olish;
ish beruvchi, oliy ta’lim tashkiloti va talaba o‘rtasida o‘qishni tamomlaganidan so‘ng ishlab berish sharti bilan talabaning ta’lim olishi uchun shartnoma to‘lovlarini ish beruvchi tomonidan qoplab berishni nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma tuzish;
asosiy fanlardan tashqari ish beruvchining talabiga muvofiq qo‘shimcha ta’lim modullarini tanlov fani sifatida joriy qilish hamda ushbu fanlar bo‘yicha talabaga kredit ballarini berish;
ish beruvchi tomonidan talabaning fanlarni o‘zlashtirishi yuzasidan har semestr yakuni bo‘yicha monitoring qilib borish;
talabaning bitiruv malakaviy ishi mavzusini ish beruvchining takliflari asosida uning faoliyatiga yoki investitsiya loyihasiga oid masalalardan kelib chiqqan holda belgilash;
uch tomonlama shartnoma asosida tahsil oladigan bitiruvchilarni ish beruvchi tomonidan kafolatli ishga qabul qilish yo‘llari ko‘rsatilgan.
Mazkur nizom oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ikkinchi va undan yuqori kursda o‘qiyotgan talabalari orasidan munosiblarini saralab olish, ularning o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish hamda ularni ta’limni yakunlaganidan so‘ng ishga qabul qilish, o‘qish davrida talabalarning fanlarni o‘zlashtirishini monitoring qilib borish tartibini belgilaydi.
O‘zA