O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
oliy ta’lim tashkilotlari rahbar hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ta’lim tashkilotlarining tashkiliy hamda o‘quv-metodik faoliyatini muvofiqlashtirish;
oliy ta’lim tashkilotlari hamda akademik litseylar rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini hamda oliy ta’lim tashkilotlarining rahbar kadrlari zaxirasiga nomzodlarni maqsadli o‘qitishni tashkil etish;
ta’lim sifatini zamonaviy talablarga muvofiq ta’minlash uchun oliy ta’lim tashkilotlari hamda akademik litseylar rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish;
pedagogik ta’limning dolzarb ilmiy muammolari, shu jumladan, kasbiy kompetentlikni rivojlantirish, raqamli ta’lim texnologiyalari va ta’lim menejmenti yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, doktorantura ixtisosliklari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining ta’lim jarayoni sifati hamda natijadorligini tizimli tahlil va monitoring qilishning raqamli axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
oliy ta’lim tashkilotlari hamda akademik litseylar rahbar va pedagog kadrlarining ehtiyojidan kelib chiqib, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv rejasi hamda ta’lim dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqish, rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy bilim darajasi va pedagogik faoliyat samaradorligini inobatga olgan holda kasbiy rivojlantirish ta’lim dasturlarini joriy etish;
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv jarayoni hamda ilmiy faoliyatga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, ilg‘or pedagogik tajriba almashish borasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish.
Hukumat qarori bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzurida Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi ham tashkil etiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida oliy ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari uchun “Filologiya va tillarni o‘qitish”, “Xorijiy til va adabiyot (tillar bo‘yicha)”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
O‘zA