French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda muhandislik ta’lim dasturi joriy etiladi
16:01 / 2025-09-09

Mamlakatimizda muhandislik sohasida kadrlar yetishmovchiligining mavjudligi hozirgi kunda ushbu yo‘nalishga doir ta’lim tizimini rivojlantirishni talab etmoqda. Mamlakatda yangi avlod muhandis kadrlarni tayyorlash, muhandislik maktablari tarmog‘ini tashkil etish mavjud muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda aytish lozimki, ayni vaqtda umumta’lim tashkilotlari o‘quvchilarini muhandislik sohasiga qiziqtirish, ularning muhandislikka doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda eng yaxshi natijalarga erishgan umumta’lim maktablarini rag‘batlantirish tizimi mavjud emas.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. 

Ushbu maktablarga o‘quvchilarni saralab olish va qabul qilish agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Bunda bir sinfda o‘quvchilarning soni 24 nafardan oshmasligi hisobga olinadi. Muhandislik maktablarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilarning umumiy cheklangan soni 240 nafar etib belgilanadi.

Muhandislik maktablarida “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlari bilan integratsiyalashgan muhandislik ta’lim dasturi joriy etiladi. Mazkur maktablar 14 ta hududda tashkil etiladi. 

Bundan tashqari, Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar instituti, Andijon davlat texnika instituti, Qarshi davlat texnika universiteti, Nukus davlat texnika universiteti, Namangan davlat texnika universiteti, Buxoro davlat texnika universiteti va Farg‘ona davlat texnika universitetlari transformatsiya qilinadi. 

Toshkent shahrida M.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “TashTech” Texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti yangi tashkil etiladi.

 O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi va dastlabki 3 yilda fizika, matematika va xorijiy til fanlariga, keyingi 2 yilda muhandislik fanlariga boshlang‘ich tayyorgarlikka e’tibor qaratiladi.

Belgilangan talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik ta’lim dasturi bo‘yicha tegishli ta’lim yo‘nalishida bir yillik qo‘shimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi. Tanlovning asosiy maqsadi umumta’lim maktablari o‘rtasida STEM fanlarini o‘qitishda raqobat va yangilikka intilish muhitini yaratish, umumta’lim maktablarida STEM fanlari bo‘yicha ta’lim jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishga ko‘maklashish, pedagog-o‘qituvchilarning STEM fanlarini o‘qitishga bo‘lgan qiziqishi va intilishini kuchaytirishdan iborat.

Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatini tashkil etish, respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan umumta’lim maktabiga davlat byudjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini o‘z ichiga olgan “Innovatsion texnopark” tashkil etish uchun 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘qituvchi va o‘quvchilar 460 million so‘mgacha pul mukofotini qo‘lga kiritishlari ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbus 30 ming nafardan ortiq ustoz hamda 152 ming nafardan ortiq o‘quvchini qamrab oladi.

Muhandislik maktablarining faoliyatini takomillashtirish O‘zbekistonning rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Birinchidan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasiga asoslangan muhandislik maktablari STEM modeli asosida yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlaydi.

 Bu maktablar 14 ta hududda tashkil qilinib, fizika, matematika va xorijiy tillarga e’tibor qaratgan 5 yillik ta’lim dasturi orqali yoshlarni zamonaviy texnologik talablarga muvofiq tayyorlaydi. 

Bitiruvchilarga test va imtihonlarsiz oliy ta’limda o‘qishni davom ettirish imkoniyati berilishi ish bilan ta’minlanishni oshiradi va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini kuchaytiradi.

Bundan tashqari, Termiz, Andijon, Qarshi, Nukus, Namangan, Buxoro va Farg‘onadagi texnika universitetlarining transformatsiyasi, shuningdek, Toshkentda M.E.Bauman universiteti filiali va “TashTech” kabi yangi institutlar tashkil qilinishi mintaqaviy rivojlanish va xalqaro ta’lim standartlarini joriy qilishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi orqali STEM fanlari bo‘yicha raqobat va innovatsiya muhiti yaratiladi. 2026 yildan boshlab o‘tkaziladigan ushbu tanlov ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning malakasini yuksaltirish va o‘quvchilarning ilmiy-texnik sohaga qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladi. 

Natijada ilg‘or texnologiyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual salohiyati oshadi, bu esa davlatning uzoq muddatli taraqqiyotiga mustahkam poydevor yaratadi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA