Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
17:07 / 2024-10-24

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Til – millatlar va davlatlar elchisi” nomli anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jazoir-2 universiteti rektori professor Said Rahmoniy, Qo‘rqiota nomidagi Qizilo‘rda universiteti ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Maynura Buribayeva ishtirok etdi.

– Jamoamiz Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining 5 ta oliy ta’lim muassasasi bilan ham hamkorlik o‘rnatgan, – deydi O‘zDJTU rektori Ilhomjon To‘xtasinov. – Ma’lumki, o‘zbek va arab tillari qadimdan bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. O‘rta asrlarda yetuk allomalarimiz o‘z ona tili bilan bir qatorda arab tilida ham ijod qilganlar. Bugungi kundagi shakllangan boy o‘zbek tili leksikasida arab tilining ta’siri beqiyos. Oliygohimizda 20 ga yaqin xorijiy til, xususan arab tili qariyb 50 yildan buyon o‘qitiladi. Ustoz va talabalarimiz muntazam ravishda arab davlatlarida malaka oshirib keladi. Ishonamanki, Jazoir-2 universiteti bilan sheriklik ham yanada kengayib, do‘stona munosabatimiz mustahkam rishta yordamida bog‘lanadi.

[gallery-19965]

Uchrashuvda kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, birga ilmiy tadqiqot olib borish bo‘yicha hamkorlik jarayonini tartibga solishga kelishib olindi. Kelgusida qo‘shma konferensiyalar tashkil etish, ilmiy- uslubiy qo‘llanma, darslik va metodik material tayyorlash, ilg‘or tajriba almashish va zamonaviy dasturlarni amaliyotga keng joriy etish zarurligi ma’qullandi.

– 1909 yil ochilgan ta’lim muassasamiz tarkibida Tibbiyot va farmatsiya, Fanlar, San’at va gumanitar maktablari hamda Huquq fakulteti mavjud, – dedi Said Rahmoniy. – O‘tgan yil oliygohimizga O‘zDJTU rahbari Ilhomjon To‘xtasinov borgan edi. O‘sha uchrashuvimizda ilgari surilgan tashabbuslar ijobiy samara beradi, degan umiddaman.

Qozog‘istonlik mutaxassis Maynura Bo‘riboyeva esa bugungi globallashuv davri har birimizdan zamon bilan hamnafas odimlashni talab etishiga e’tibor qaratdi:

Bugungi kunda barcha soha xodimlari o‘z ona tilini mukammal bilishi barobarida bir necha xorijiy tilni ham bilishi, xorijliklar bilan erkin muloqot qila olishi maqsadga muvofiq. Bu jarayonda xorijiy tillarni o‘rganish va o‘qitish tizimini zamonaviy uslublar yordamida takomillashtirish hamda chet tillarni o‘rganishga nisbatan rag‘batni oshirish juda muhim.

Tadbir so‘ngida talabalar arab va o‘zbek tillarida ijro etgan qo‘shiqlardan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA