Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim sifatini ta’minlash tizimi xalqaro standartlar asosida mustahkamlanmoqda
16:48 / 2026-02-04

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi xodimlari hamda oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sifatini oshirish bo‘limi boshliqlari uchun “Sifatni ta’minlash tamoyillari” mavzuida ikki kunlik malaka oshirish mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Mashg‘ulotlar Buyuk Britaniyaning Quality Assurance Agency (QAA) va British Council tashkilotlarining malakali ekspertlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oliy ta’limda sifatni ta’minlashning xalqaro tamoyillari bo‘yicha mustahkam nazariy va amaliy asos yaratish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar ichki va tashqi sifatni ta’minlash tizimlari, baholash jarayonlarida dalillarga asoslangan yondashuvlar, manfaatdor tomonlar bilan ishlash hamda ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish masalalarini chuqur o‘rgandi.

[gallery-27470]

Dastur interaktiv amaliy mashg‘ulotlar, guruh muhokamalari va keys-tahlillar asosida olib borilib, ishtirokchilar Yevropa standartlari va yo‘riqnomalari (YeSG) hamda O‘zbekistonda shakllanib borayotgan sifat standartlari o‘rtasidagi uyg‘unlik va farqlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tashqi baholash jarayonlari, baholash mezonlari va reyting vositalarini ishlab chiqish, hisobotlarni xolis va dalillarga tayangan holda tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.

Mashg‘ulotlar davomida sifatni ta’minlash jarayonida halollik va shaffoflik, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash kabi tamoyillarga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, talabalar, ish beruvchilar va boshqa manfaatdor tomonlarni sifatni ta’minlash jarayonlariga jalb etish hamda ular bilan samarali muloqot olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Barcha sessiyalarda to‘liq ishtirok etgan tinglovchilarga sertifikat topshirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA