Zarafshon shahrida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Zarafshon fakultetining yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda Zarafshon shahar hokimligi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, faxriylar, fakultet jamoasi hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar mazkur ta’lim maskanining hudud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur fakultet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, xususan, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari yoshlari uchun yashash hududiga yaqin joyda oliy ta’lim olish imkoniyatini yaratishdan iborat.


Yangi binoda ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda fakultetda 500 nafardan ortiq talaba “Konchilik ishi”, “Konchilik elektr mexanikasi”, “Metallurgiya”, “Foydali qazilmalarni boyitish” hamda “Texnologik mashinalar va jihozlar” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.


Ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, amaliyotni kuchaytirish hamda sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, hududda faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalari, xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Kelgusida fakultet faoliyatini yanada kengaytirish, magistratura mutaxassisliklarini ham ushbu hududda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu ta’lim tizimining bosqichma-bosqich takomillashuvi, ilmiy salohiyatning oshishi hamda hududda intellektual muhitni mustahkamlashga zamin yaratadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA