Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim muassasalarining maktablar bilan hamkorligi kengaymoqda
11:30 / 2022-06-02

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan o‘n beshta maktab bilan doimiy hamkorlik qilib keladi.

Universitetga biriktirilgan ushbu maktablarda muntazam turli tadbir va treninglar uyushtirib kelmoqda. O‘quvchilarning dars jarayonlaridagi faolligi, qolaversa, maktabdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishgan holda ularga kerakli jabhalarda turli yordamlar ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ushbu yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman Xalq ta’limi bo‘limi bilan doimiy aloqada.

Yakkasaroy tumanidagi 25-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilgan navbatdagi tadbir ham ko‘tarinki ruhda, taassurotlarga boy o‘tdi.

«Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja ishtirok etdi. Shuningdek, San’atkorlar, bolalar uchun maxsus animatsiya tayyorlovchi mutaxassislar ham qatnashdi.

Tadbir davomida tashkil etilgan samimiy suhbat, sho‘x kuy-qo‘shiqlar maktabda ta’lim olayotgan umidli ko‘zlarning qalblarida shodlik, yuzlarida tabassum aks ettirdi. Muassasada bu kabi tadbirlarni yanada ko‘proq o‘tkazishga kelishib olindi.

Nozimjon Mardonov, O‘zA