Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim muassasalariga malakali o‘qituvchilarni ishga qabul qilish jarayoni qay darajada ochiq?
17:56 / 2020-12-10

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro mezonlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda rivojlantirish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»da oliy o‘quv yurtlarida zamon talablariga mos professor-o‘qituvchilar korpusini yaratish, ilmiy-pedagogik salohiyat va ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish borasidagi ishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, hujjatda bu sohadagi dolzarb vazifalar qatorida quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin:

- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalarida shaffoflik, xolislik va ob’ektivlikni ta’minlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etish, tizimda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini izchil davom ettirish;

- oliy ta’lim tizimida pedagog kadrlarni ishga qabul qilish, lavozimlarga tanlov o‘tkazishda adolat va ochiqlikni ta’minlash, tajribali, halol, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlar korpusini shakllantirish;

- ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan amaliyotchi mutaxassislarni ta’lim jarayoniga keng jalb qilish;

- professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik omillarni bartaraf etish, baholash mezonlaridagi shaffoflikni kuchaytirish.

Shu yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar doirasida oliy ta’lim tizimi takomillashtirilmoqda. Oliy ta’lim qamrovini kengaytirish va zamon talablariga mos ta’lim yo‘nalishlarini yaratish maqsadida yangi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari, shuningdek, xususiy oliy o‘quv yurtlari tashkil etilmoqda, o‘nlab oliy o‘quv yurtlarida sirtqi va kechki bo‘limlari ochilmoqda, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari oshirib borilmoqda.

Amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar oliy o‘quv yurtlarining ilmiy-pedagogik salohiyatini kuchaytirish, sohaga yuqori malakali pedagog kadrlarni jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy etishni dolzarb qilib qo‘ymoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda. 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida dars bergan o‘qituvchi xodimlarning faqat 40 foizi fan doktori yoki nomzodi darajasiga ega bo‘lib, ularning har uchtadan bittasi nafaqa yoshida yoki nafaqaga chiqish arafasida bo‘lgan pedagoglardir.

Hozir vaqtda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 116 ta oliy ta’lim muassasalarining 90dan ortig‘i Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibiga kiruvchi davlatga qarashli oliy ta’lim muassasalaridan iboratdir.

Ayrim ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, mazkur oliy o‘quv yurtlarining har birida (ularning katta-kichikligidan kelib chiqib) 100 nafargacha va 1000 dan ortiq bo‘lgan pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatishadi. Mamlakat miqyosida oliy ta’lim muassasalarida har yili taxminan 5 mingtagacha bo‘sh o‘qituvchilik ish o‘rinlari ochiladi.

Oliy ta’lim sifati ko‘p jihatdan o‘qituvchi xodimlarning ilmiy salohiyati va kasbiy mahoratiga bog‘liq. Bu esa ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalariga malakali o‘qituvchilarni ishga qabul qilish jarayoni qay darajada ochiq, shaffof va sog‘lom raqobat asosida tashkil etilganiga bog‘liq.

Hozirgi vaqtda pedagog xodimlarni ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom asosida amalga oshiriladi. Nizomda oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga olinishi belgilangan. Lekin, o‘rganishlar ko‘p, oliy ta’lim muassasalarida turli sabablarga ko‘ra, ushbu nizom talablariga yetarlicha amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda.

Masalan, Nizomda tegishli tanlov haqidagi ma’lumotlar vaqtli matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, oliy ta’lim muassasasining ko‘p tirajli gazetasida e’lon qilinishi belgilangan. Biroq ushbu qoidalar bugungi kun voqeligiga to‘la mos kelmaydi, ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida ko‘p tirajli gazetalar muttasil nashr etilmaydi, nashr etilganlari ham kam tirajda bo‘lib, mazkur dargohdan tashqariga chiqmagani tufayli kerakli auditoriyaga yetib bormaydi.

Oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot tarqatish ommalashmagan.

2020 yil iyun oyi holatiga faqat 8 oliy o‘quv yurtining rasmiy saytida «Bo‘sh ish o‘rinlari» rukni mavjud bo‘lib, ularning birortasida professor-o‘qituvchilik lavozimiga bo‘sh ish o‘rinlari borligi haqida ma’lumotlar joylashtirilmagani aniqlangan. Aksincha, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining internet sahifalarida bo‘sh ish o‘rinlariga oid batafsil ma’lumotlar joylashtirilgan.

Oliy o‘quv yurtlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida keng jamoatchilikka ma’lum qilinmasligi sohaga ochiq tanlov asosida munosib va malakali pedagog xodimlarni jalb etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish yuzasidan qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarilishiga to‘siq bo‘lib xizmat qilmoqda.

Rivojlangan davlatlarda oliy ta’lim muassasalarining ichki qoidalarida professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchi xodimlar bo‘sh ish o‘rinlari haqida keng jamoatchilikka ochiq ma’lum qilish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Bu talabga oliy o‘quv dargohida yetarli nomzodlar mavjud bo‘lgan taqdirda ham amal qilinadi, jamoada mehnat qilib kelgan xodimlar ham bo‘sh ish o‘rni uchun tanlovda tashqi nomzodlar bilan umumiy asosda ishtirok etishadi.

Yaponiyada oliy ta’lim tizimidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar markazlashtirilgan holda fan-texnika Agentligi rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Fransiyada ham professor-tadqiqotchilar ishga kirish tanlovlari va ilmiy faoliyatni amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlar Oliy ta’lim, tadqiqot va innovatsiya Vazirligi tomonidan ishga tushirilgan rasmiy sayt orqali amalga oshiriladi.

Kanadada barcha akademik ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar asosan “University Affairs” internet saytining «Ish qidirish» sahifasiga joylashtiriladi. Har bir universitet ichki qoidalarida ochilgan ish o‘rinlarini to‘ldirish bo‘yicha e’lonlar ushbu internet sahifasiga joylashtirishni talab qiluvchi me’yorlar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni 8-bandida, jumladan, oliy ta’lim sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan. Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar oliy ta’limga talabalar va magistrantlarni o‘qishga qabul qilish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichi, doktorantura bosqichida ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda oliy o‘quv yurtlarida professor o‘qituvchilar korpusini shakllantirish jarayonlarini ham o‘z ichiga olishi shart.

Malakali o‘qituvchi xodimlar va istiqbolli tadqiqotchilarni oliy ta’lim tizimiga jalb etish va ularning mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonlarida korrupsiya munosabatlarining oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanishi kerak.

Mazkur sohada tegishli qonun hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda oliy ta’lim tizimiga malakali xodimlarni jalb etishning huquqiy-tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomni takomillashtirish;

- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy internet saytini, shu jumladan, «Bo‘sh ish o‘rinlari» sahifasini hozirgi kun talablari darajasida yuritilishni ta’minlash;

- Vazirlik tarkibiga kiruvchi barcha oliy ta’lim maskanlarining rasmiy internet saytlarini, shu jumladan, «Bo‘sh ish o‘rinlari» sahifalarini hozirgi kun talablari darajasida yuritilishni ta’minlash;

- Vazirlikning rasmiy internet saytidagi «Bo‘sh ish o‘rinlari» sahifasida vazirlik tarkibiga kiradigan barcha oliy o‘quv yurtlaridagi mavjud professor-o‘qituvchilik va tadqiqotchilik bo‘sh ish o‘rinlari va o‘tkaziladigan tanlovlar haqidagi ma’lumotlarni markazlashtirilgan holda e’lon qilish tartibini o‘rnatish;

- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibiga kiruvchi barcha oliy ta’lim maskanlari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar va tegishli tanlovlar haqidagi e’lonlarni vazirlik rasmiy internet saytida e’lon qilinishini ta’minlashi, shuningdek, ushbu ma’lumotlarni o‘zlarining rasmiy saytlarida takrorlashi tartibini o‘rnatish;

- Oliy ta’lim tizimiga professor-o‘qituvchilar va istiqbolli tadqiqotchilarni ishga qabul qilish uchun tashkil etiladigan ochiq tanlovlarning aniq mezonlarini ishlab chiqish;

- mamlakat oliy ta’lim tizimida bo‘sh ish o‘rinlariga o‘tkaziladigan ochiq tanlovlarni faqat ommaviy axborot vositalarida, oliy o‘quv yurtlari va Vazirlikning rasmiy internet saytlarida e’lon berish yo‘li bilan tashkil qilish tartibini belgilash.

 

 

 

Anvar Eminov,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat

tadqiqot instituti mas’ul xodimi