Oliy ta’lim muassasalariga 2024/2025 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul jarayonlarini tashkil etishda korrupsiya holatlarining oldini olish, imtihonlar ochiq va shaffof o‘tkazilayotganining guvohi bo‘lish va kuzatish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari va Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan monitoring tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi farmoniga asosan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar o‘tkazish jarayoni internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi belgilangan.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun ijodiy (kasbiy) hamda test imtihonlari o‘tkazish jarayoni internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi masofaviy shaklda hamda bevosita joyiga chiqqan holda “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasi hamda “Yoshlik” sport majmuasidagi sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganishlarda barcha binolar va sport maydonchalari kuzatuv kameralari bilan to‘liq jihozlangani, imtihonlar o‘tkazish jarayoni televideniye orqali (“Viasat Explorer” telekanali) hamda test2024.uz veb-saytida jonli efirga uzatilgani, ota-onalar va boshqalar uchun kuzatishga sharoitlar yaratilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida ayrim ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlar o‘tkazish jarayonini internet tarmog‘ida jonli efirga uzatilishi ovozsiz, sifatsiz yoki jonli translyatsiya qilinmagan holda amalga oshirilgani kuzatildi. Masalan, joriy yil 15 iyul kuni Namangan davlat universiteti internet tarmog‘i Jismoniy tarbiya (Voleybol -CAM2) internet tarmog‘iga imtihon jarayoni jonli efirga uzatilishida sifat darajasi past bo‘lib, tarmoqda uzilishlar bo‘lgan.
Toshkent davlat pedagogika universitetida ham joriy yil 15 iyul kuni o‘tkazilgan imtihon jarayonlari jonli translyatsiya qilinmagani, mas’ullar bilan bog‘lanilganda elektr va internet tarmog‘i bilan muammolar yuzaga kelayotgani haqida tushuntirish berildi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filialining xalq cholg‘ulari xonasida ham ovozni uzatishda sifat darajasi pastligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan real vaqt rejimida uzatilayotgan imtihon jarayonlarining ovoz uzatilishini ta’minlash yoki texnik nosozliklarni bartaraf etish uchun mas’ul xodimlari bilan bog‘lanilib, ushbu muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.
N.Abdurimova,
O‘zA