O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida, jumladan, oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, o‘quv sifatini yaxshilash, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlar mustaqilligimiz samarasidir, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Bugun respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida ham yangi 2025/2026 o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarni munosib kutib olish, ularni ta’lim muassasasi hayoti, mavjud tartib-qoida va shart-sharoit bilan yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ota-onalari ishtirok etdi.
Dastlab akademiya rektori, professor Shuhrat To‘xtasimov yig‘ilganlarni qutlab, yangi talabalarga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng yoshlarga akademiyaning tarixi, faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari hamda o‘quv muassasida yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/f2B1PiPdsBE" title="Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faollar zalida yoshlar bilan ochiq muloqot ruhida tashkil qilingan uchrashuvda mutasaddilar o‘g‘il-qizlarga akademiyada tahsil olish barobarida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyati ham mavjudligi borasida foydali maslahatlar berdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan tegishli javoblar olishdi.
O‘.Alimov, N.Abduvoitov (video), O‘zA