Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida “Hamkorlik kubogi” o‘tkazildi
17:30 / 2025-08-16

Bugungi kunda yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida tizimli islohotlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.  

Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilishi ta’kidlanib, oliy ta’lim muassasalari talabalari va xodimlarining sport bilan shug‘ullanishlarini yangi bosqichga olib chiqish  vazifasi belgilangan edi.  

Shu maqsadda  O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari hamkorligida poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka hamda kibersport turi bo‘yicha “Hamkorlik kubogi” o‘tkazildi.  

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu bellashuvlar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimlari o‘rtasida kechdi.  

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ta’lim-tarbiya, o‘quv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.  Jumladan, 10 ga yaqin sport to‘garaklari talabalar ixtiyorida. Haftaning har shanba kuni Akademiya rektori boshchiligida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazilishi esa yaxshi an’anaga aylangan.  

Shuningdek, joriy yilning 26 may sanasida ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida o‘tkazilgan “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari ham yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tganini ta’kidlash joiz.  

Ushbu nufuzli sport festivalida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan bir qatorda Akademiya qoshidagi akademik litsey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ham ishtirok etdi.  

Musobaqa doirasida Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talabalari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan bir qancha memorandum va kelishuvlar imzolandi.  

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitness milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan Hamkorlik kelishuvlari imzolandi.  

Shuningdek, joriy yilning 19 aprel kuni Akademiya va O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi, “Cyber-BRO” kiberxavfsizlik kompaniyasi hamda “GITA” dasturchilar akademiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.  

Bu kabi hamkorlik aloqalari talaba-yoshlarga nafaqat o‘z salomatliklarini mustahkamlashga, balki jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirishga xizmat qiladi.  

Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilgan “Hamkorlik kubogi” esa yangi o‘quv yili oldidan xodimlar o‘rtasida ko‘tarinki kayfiyat, do‘stona munosabatlar shakllanishida alohida ahamiyat kasb etdi.  

Musobaqalar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti ostida bo‘lib o‘tdi.

Sportning mini futbol turi bo‘yicha qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida 3-o‘rin O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasiga, 2-o‘rin esa Toshkent davlat yuridik universitetiga nasib etdi. G‘oliblikni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qo‘lga kiritdi.  

Voleybol bahslarida esa O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari g‘olib bo‘ldi.

N.Usmonova, O‘zA