Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi (+video)
22:43 / 2024-04-15

Ma’lumki, o‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi tashkil etilgan edi. Tojikistonda tashkil etilgan forum yalpi majlisida 30 ga yaqin hujjat imzolangan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston-Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi tashkil etildi. “2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida o‘tkazilgan anjumanda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Sayidzoda boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasasi rektorlaridan iborat delegatsiya va O‘zbekiston tomonidan 50 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi. 

Xalqaro anjuman oldidan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Tojikiston Ta’lim va fan vaziri Rahim Sayidzoda bilan muzokara o‘tkazdi. Muloqot davomida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi yetakchilari tomonidan so‘nggi yillarda oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlik aloqalari kengayayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, tomonlar bugungi forum kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha fikr almashib, unda muhim kelishuvlarga erishishga ishonch bildirdi. 

Xalqaro anjumanni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning salmoqli natijalariga to‘xtaldi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AscszWbok5o" title="Oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

– Keyingi yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan bu kabi forumlar ko‘plab davlatlar, shu jumladan Tojikiston Respublikasi bilan ham ta’lim sohasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda, – deydi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Bugungi anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad inson kapitalini, yuqori intellektual salohiyatni rivojlantirish, nazariy-amaliy shakllantirish, kasbiy mahoratni oshirish va ikki davlat hududidagi ulkan tabiiy resurslarni ilmiy-institutsional boshqarishga qodir kadrlarni tayyorlashdan iborat. Shunday ekan, mazkur forum kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yaqin hamkorlikni amalga oshirish va uni yangi cho‘qqiga ko‘tarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishish hamda ilmiy va ta’lim sohasida o‘zaro fikr almashish imkonini beradi. 

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi aloqalar sezilarli darajada faollashganini qayd etdi. 

Ta’kidlanishicha, hamkorlik o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, ilmiy anjumanlar, dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha kengashlar ishida ishtirok etish, ikki davlat olimlari tomonidan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishni o‘z ichiga oladi. 

– O‘zbekiston – Tojikiston aloqalari qator jabhalarda keng rivojlandi, – deydi Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Sayidzoda. – Endilikda oliy ta’lim, ilm-fan sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun tabiiy shart-sharoitlar yuzaga keldi. Sohadagi hamkorlik doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yangi sifat darajasiga olib chiqish hamda ta’lim sifatini oshirish borasidagi amaliy harakatlar asosiy maqsadlardan biriga aylandi. Shu paytgacha O‘zbekistonning 30 ta oliy ta’lim muassasasi Tojikistonning 15 dan ortiq ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘ygan edi. Bundan keyin ham ushbu hamkorlik har tomonlama kengayib boradi. 

Forum joriy yilning 16-aprel kuni ham o‘z ishini davom ettiradi. Mazkur tadbir davomida oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish va manfaatli aloqalarning boshqa dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 50 dan ziyod anglashuv memorandumi, bitim va “Yo‘l xarita”lari imzolanishi rejalashtirilgan. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA