Bugun bu borada juda jiddiy qadamlar tashlandi.
Ta’lim tizimi korrupsiyadan tozalanmagan, halol va shaffof bo‘lmagan mamlakat tanazzulga yuz tutadi.
Ming afsuski, yaqin tariximizda ta’lim sohasini korrupsiya chirmovug‘day o‘rab olgan edi. Maktabgacha ta’lim muassasasidan tortib, to oliy ta’limgacha korrupsiya girdobida qolgandi. Buning natijasida xalqimizda ta’lim tizimiga nisbatan ishonch yo‘qoldi. Uning o‘rnini aksincha nafrat egallagan edi.
To‘g‘risi, bu karrupsion halqani uzib tashlashni, unga qarshi kurashishni o‘zi bo‘lgani yo‘q. Mazkur soha fidoyilarining qo‘li yoki kuchi bilan korrupsiyani tugatib bo‘lmasligini ham yaxshi bilardik.
Faqat va faqat Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ta’lim tizimidagi korrupsion tuzilmalarga barham berilmoqda. Chirmovuqlardan tozalanmoqda, desak bo‘ladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi keskin kurashilmoqda. O‘qishga qabul, o‘qishni ko‘chirish masalalarida korrupsiyaviy harakatlarga butunlay barham berildi. Joriy imtihonlar asta-sekinlik bilan korrupsion jozibadorlikdan xalos qilinmoqda.
Birinchidan, abiturentlar hujjatlarini onlayn qabul qilishdan boshlab, barcha jarayonlar Davlat test markazi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hatto, tojik, qozoq va turkman tillaridagi ta’lim yo‘nalishlarida ham DTM tomonidan test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Qabul jarayonlaridagi kasbiy (ijodiy) imtihonlar masalasi ham og‘riqli nuqtalardan biri edi. Ko‘pchilik ota-onalar farzandlari ijodiy imtihondagi nohaqliklar tufayli talabalar safiga qabul qilinmayotganligidan norozi bo‘lishardi.
Endilikda ijodiy imtihonlar qur’a tashlash yo‘li bilan tanlab olingan, boshqa hududlardan taklif etilgan mutaxassislar tomonidan qabul qilinmoqda. Inson omili, ya’ni korrupsion holat yuz berishining butkul oldi olindi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon komissiyasi a’zolari haqidagi ma’lumotlar va ularning respublikamizning qaysi viloyatidagi OTMga borishi oxirgi kungacha o‘zlaridan ham sir tutilishi bu jarayonning yanada shaffof o‘tishiga xizmat qilmoqda. Qolaversa, ijodiy imtihonlarning keng jamoatchilik: xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalla, nuroniy vakillari, ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida o‘tkazilishi, barcha jarayonlar so‘nggi rusumdagi kuzatuv kameralari orqali maxsus ekranlarda va YouTube videoxostingida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinayotganligi korrupsiya bilan bog‘liq savollarning yuzaga kelishiga barham berdi.
Ikkinchidan, oliy ta’lim dargohlaridagi joriy imtihonlar (sessiya) bugun shunday tartib-tamoyil asosida o‘tkazilmoqdaki, unga ko‘ra muayyan fandan dars o‘tgan professor-o‘qituvchi imtihonda qatnashmaydi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Prezidentimizning “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullari, shu jumladan muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini to‘liq istisno etadigan tizim joriy etilgan.
Talabalar bilimini baholash bo‘limi ushbu imtihonlarni tashkil qiladi va boshqaradi. Mazkur bo‘lim xodimlari savollar doirasida yakuniy imtihon variantlarini tuzadi. Shaffoflik shu darajadaki, talabalar yakuniy nazoratni o‘zlari o‘qiydigan fakultetdan birorta ham o‘qituvchi ishtirokisiz, TBBB xodimlari nazorati ostida, maxsus kuzatuv kameralari o‘rnatilgan xonada topshiradi.
Javoblarni tekshirish masalasiga keladigan bo‘lsak, talabalarning yozma ishlari boshqa OTMga yuborilib, bevosita o‘sha OTM professor-o‘qituvchilari tomonidan ob’ektiv baholanmoqda. Bu borada SamDU tomonidan respublikamizning 16 ta OTM bilan shartnoma imzolangan.
Uchinchidan, xodimlarning ish haqi va OTM uchun xarid qilinadigan uskunalar oldi-berdisi to‘liq O‘zASBO tizimi orqali amalga oshirilmoqdaki, bunday hisobdorlik va shaffoflik mazkur jarayonlarda korrupsiya ro‘y berishiga zarracha o‘rin qoldirmaydi.
To‘rtinchidan, talabalarning o‘qishini ko‘chirish bugungi kunda to‘liq tartibga solingan. O‘qishni ko‘chirish uchun talabalar kerakli hujjatlarni vazirlikka onlayn topshiradi. Ushbu arizalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat qabul komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi.
Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bir davlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirishga quyidagi ikki holatda ruxsat beriladi:
– Talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa;
– Davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida);
Boshqa holatlarda “ichki ko‘chirish”ga ruxsat yo‘q. Boshqa hududga ham, o‘z hududidagi boshqa OTMga ham.
Xorijdan o‘qishni ko‘chirishga quyidagi uch holatda ruxsat beriladi:
– Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda o‘tish balini to‘plash talab etiladi;
– O‘tish balini to‘play olmasa, bir martalik tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrak asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;
Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. O‘qishni ko‘chirish to‘liqligicha shaffof va korrupsiyadan xoli tarzda o‘tkaziladi.
Beshinchidan, magistraturaga qabul ta’limning bakalavriat bosqichini tugatgan talabalarning o‘qish davomida to‘plagan o‘rtacha bali asosida (imtihonsiz) amalga oshirilmoqda. Faqatgina talabaning chet tilini bilish darajasi bo‘yicha olingan milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud bo‘lishi shart. Ilgari taomilda bo‘lgan, kafedra a’zolari tomonidan olinadigan mutaxassislik imtihonlarining bekor qilinganligi, bu sohada ham korrupsiyaviy holatlarga barham berilganligini ko‘rsatadi.
Xullas, oliy ta’lim tizimida keyingi yillarda boshlab yuborilgan korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish ishlari qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Bu borada OTM professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, ya’ni ish haqining sezilarli oshirilganligi ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Oliy ta’lim tizimi tomirlarida bugun sog‘lom va toza qon oqa boshladi. Lekin korrupsiya ham osonlikcha jon bermaydi. Bu boradagi kurash bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligi kerak, deb hisoblayman.
Korrupsiyani yangidan-yangi ko‘rinishlari bosh ko‘tarayotgani ham bor gap. Hushyor bo‘lishimiz kerak. Bu borada talaba-yoshlarimiz faolligi, vatanparvarligi muhim o‘rin tutishini unutmasligimiz shart va zarur.
Rustam XOLMURODOV,
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti rektori
O‘zA