UNESCO tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar uchun UNESCO – Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofotining to‘rt nafar laureatini e’lon qildi. Mazkur nufuzli mukofotga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov ham sazovor bo‘ldi.
Misr, Xitoy, Litva va O‘zbekistondan to‘rt nafar laureat joriy yilning 10 mart kuni Ekvatorial Gvineyaning Jibloho shahrida bo‘lib o‘tadigan marosimda ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlanadi. Ularning tadqiqotlari oziq-ovqat xavfsizligi, paxta navlarini takomillashtirish, vaksinalarni ishlab chiqish va og‘ir genetik kasalliklarni davolashning innovatsion usullariga qaratilgan.
G‘oliblar hakamlar hay’ati tomonidan mukofot nizomiga muvofiq inson hayoti sifatini yaxshilashga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda aniqlandi. Shuningdek, hakamlar hay’ati bir ovozdan UNESCO Bosh direktoriga 2023 yilgi mukofotni 4 nafar nomzodlar o‘rtasida taqsimlashni tavsiya qildi.
Ibrohim Abdurahmonov g‘o‘zaning kasalliklarga chidamliligi, tola sifati va hosildorligi kabi foydali xususiyatlarini aniqlash maqsadida ishlatiladigan molekulyar markerlarni ishlab chiqqani uchun mazkur nufuzli mukofotga loyiq deb topildi. Ushbu markerlar seleksionerlarga foydali xususiyatlarga ega o‘simliklarni tez va samarali aniqlash hamda tanlab olish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA