English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim dargohlari ma’naviyatni yuksaltiradigan maskan bo‘lishi lozim
11:47 / 2021-01-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar – olimlar, o‘qituvchilarning jamiyat rivojidagi o‘rnini haqida ham fikrlar bildirildi.

Bugun ta’lim dargohlarida tarbiyaviy ishlarning olib borilishi bugungi axborot zamoni talablariga javob bermasligi afsuslanarli. 

Davlatimiz rahbari barcha tarbiyaviy jarayonlarda olimlarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdilar. Ayniqsa, bu yo‘nalishdagi tashabbuslar orasida har bitta mahallaga bittadan ziyolilarni biriktirish taklifi o‘ziga xosdir. Bu borada Andijon tibbiyot instituti tashabbuskor bo‘ladi va ustozlarimiz ma’naviy muhit bo‘yicha ham o‘z loyihalarini taqdim etadilar.

Bundan tashqari, davlat rahbarining oliy ta’limda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maxsus kengash tuzish taklifini kiritgani tizimdagi ma’naviy muhitda tub burilish yasaydi. Ushbu tashabbusdan kelib chiqib, Andijon tibbiyot institutida o‘qituvchilardan boshlab manaviy na’muna imijini shakllantirishga e’tibor qaratmoqchimiz. Bu yo‘lda bizga Prezidentimizning ayni ushbu ma’ruzalari ko‘makchi bo‘ladi. Ular tomonidan bu kengashning vazifalari aniq belgilab berildi. Demak bizlardan to‘g‘ri ijro talab etilayapti xolos.

Shuningdek, ma’ruzada Oliy ta’lim sohasida ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish ma’naviyat markazlari bilan birgalikda tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Bizning institut va ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan buyon ham yo‘nalishlarga ajratgan holda yangi hamkorlik bitimlarini tuzib, reja asosida ma’naviyat soatlarini tashkil qilib boramiz.

Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, rektorlar va barcha bo‘lim boshliqlarining shaxsan o‘zlari ma’naviy ibrat namunasi bo‘lmog‘i kerak.

Biz viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorligimizni ham yanada mustahkamlagan holda, maktablarni nafaqat bilim va saviya jihatidan, balki ma’naviy ma’rifiy ishlarda ham otaliqqa olishimiz, ularga metodik yordam ko‘rsatib, yaqindan yordam berishimiz kerak.

Bolalarimiz telefon yoki internet orqali emas, buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf odatlarimizning ibrati ila tarbiya topmog‘i lozim. Mana shu o‘rinda oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tizimlari o‘rtasi ustoz va shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish samarali natijalarni beradi. 

M.Madazimov,

Andijon tibbiyot instituti rektori, professor