English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy taʼlimda shaffof tizimni joriy etish kerak
18:43 / 2020-07-13

Maʼlumki, har qanday sohani rivojlantirishda ilgari bosib oʻtilgan yoʻllar, xalqaro tajribadan olingan xulosalar, shart- sharoitlar inobatga olinadi.


Mamlakatimizda oliy taʼlimni isloh qilish, jahon andozalariga mos tizimni yaratish boʻyicha bir qator qonunchilik hujjatlari eʼlon qilindi, sohani uzoq yillik, bosqichma-bosqich rivojlantirish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqildi.

Maʼlumki, har qanday sohani rivojlantirishda ilgari bosib oʻtilgan yoʻllar, xalqaro tajribadan olingan xulosalar, shart- sharoitlar inobatga olinadi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya kabi davlatlarning tajribalaridan foydalanish mumkin.

Yaponiya oliy taʼlim tizimiga nazar tashlasak, yigit-qizlarga oʻquvchilik davrlaridanoq vakolat va masʼuliyat yuklanadi, akademik fanlar boʻyicha oʻrta maktab oʻqituvchilaridan kuchli, tizimli, toʻlaqonli taʼlim va muntazam maktab hayotiga ega boʻlib oʻqitish talab etiladi. Natijada oliy taʼlim muassasasiga qadam qoʻygan talabalarda kuchli intellekt, milliy ruh hamda tartib-intizom shakllangan boʻladi.

Nagoya tajribasida esa taʼlimning toʻliq raqamlashtirilganligi, sifatli oʻquv bazasi, namunali yoʻlga qoʻyilgan marketing xizmati, universitet talabalari va xodimlari xalqaro almashinuv dasturlarida faol ishtirok etishi, oʻquv muassasasida barcha jarayonlarning ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi universitet bitiruvchilarining dunyodagi ish beruvchilar orasida yaxshi nufuzga ega boʻlishini taʼminlaydi.

Janubiy Koreyada oliy taʼlim tizimi koʻp jihatdan amerikaliklar, yapon va nemislarning yutuqlariga tayanib, taʼlim tizimining eng yaxshi tomonlarini qabul qilgan. Koreya oliy taʼlim tizimi noyob taʼlim metodikasini ishlab chiqqan.

1940-yillarga qadar Janubiy Koreya dunyodagi eng “oʻqimagan“ davlatlardan biri hisoblanardi, Ikkinchi jahon urishidan keyingi taʼlim islohotlari natijasida oliy taʼlim iqtisodiyot uchun muhim boʻgʻin sifatida jadallik bilan rivojlandi. Semestr uchun 2-6 tagacha fanni ixtiyoriy tanlash mumkin – ularning bir qismigina majburiydir. Bunday yondashuv masʼuliyat tuygʻusini kuchaytiradi – bu yerda “diplom uchun vaqt oʻtkazish“ tushunchasi yoʻq.

Taʼlimga ulkan sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri – Singapur. U taʼlim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) muhim rol tutishi ortidan taʼlim taraqqiyotiga erishgan davlatdir. Bu talabalarning innovatsion gʻoyalar yaratish malakasiga ega boʻlishini taʼminlaydi. Bu yerda oʻqituvchilarga davlat xizmatchisi, davlatning eng ishongan, suyangan kishisi sifatida qaraladi.

Germaniya taʼlimi deyarli xarajat qilinmasligi, talabalarga qoʻshimcha pul topish imkoniyati yaratilganligi hamda talabalarning kirish imtihonlarisiz qabul qilinishi bilan eʼtiborlidir.

Buyuk Britaniyaning oliy taʼlim tizimi bejiz dunyodagi eng yaxshi taʼlim tizimlaridan biri hisoblanmaydi. Taʼlim jarayoni boshlanishi bilanoq talabalar umumiy fanlarga chalgʻimay (ular maktabda oʻtilgan), tanlangan yoʻnalish boʻyicha bilim oladi. Shunisi muhimki, oliy taʼlim muassasalari mustaqil taʼlim olishga katta eʼtibor qaratadi.

AQSHda esa taʼlim 3 qismga boʻlinadi: boshlangʻich, oʻrta va oliy taʼlim. Ular ham oʻz navbatida ikkiga boʻlinadi: davlat va xususiy taʼlim muassasalari. Massachusets shtati Oliy taʼlim departamenti aynan davlat taʼlim muassasalarini boshqarish, taʼlim tizimi uchun strategik rejalar tuzishda yordam beradi.

Rossiya oliy taʼlim sohasi bir necha asrda oʻz anʼanalari asosida shakllangan boʻlib, butun dunyoda eʼtirof etilgan eng zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy-texnik markazlarda malakali ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlardan dars olish hamda nufuzli diplomga ega boʻlish imkonini beradi.

Taʼlim tizimida muvaffaqiyatlarga erishgan yetakchi davlatlar tajribasidan foydalanib, ularning baʼzilarini oliy taʼlim tizimimizda amaliyotga tatbiq etish muhim.

Koʻrinmoqdaki, deyarli hamma dasturlar raqamlashtirilgan, bunda talabalarning shaxsiy maʼlumotlaridan tortib davomat, baholar, talabalarning kompetensiyasi elektronlashtirilgan. Yutuqli jihati, bu yerda taʼlim oluvchiga, taʼlim berish uchun masʼullarga, ish beruvchilarga maʼlumot almashish qulaydir. Mamlakatimizda bu borada amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan boʻlsa-da, bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar talaygina.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida talabalarga taʼlim berish jarayoni sinovda boʻlgan kredit-modul tizimiga jadallik bilan oʻtkazildi. Tajriba shuni koʻrsatdiki, baʼzi hududlarda internet sifati qoniqarli emasligi natijasida ayrim talabalar oʻzlashtirishga qiynaldi. Muammoni yechish uchun barcha hududlarni sifatli optik tolali yoki kabelli internet tarmogʻi bilan taʼminlash zarurati bor. 

Singapur va Yaponiya tajribasiga tayanib, amaliy yechim sifatida qisqa fursatlarda muammoni bartaraf etib, nafaqat kredit-modul tizimi, balki yuqoridagi tajribadan kelib chiqib oʻquv muassasasida barcha jarayonlar ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishiga erishish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlari yuqoriligi inobatga olinsa, taʼlim jarayoniga bilimli professor-oʻqituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb etish osonlashadi. Har qanday yangilikning qabul qilinishi qiyin kechadi. Ammo taʼlim oluvchilarning sifatsiz kadr boʻlib qolishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan pandemiya sharoitida masalani kechiktirmay hal qilish zarur.

Bundan tashqari, talabalarda baho hamda diplom olish asosiy oʻrinda, degan dogmatik qarashni inkor qilish lozim. Bunda talabalar bilan baʼzi keraksiz teoriyalar, qolipga solingan bilimlarni koʻr-koʻrona yodlash, konspekt qilishdan voz kechib, oʻrniga turli bahs-munozaralarga asoslangan, oxirida konkret xulosali masalalarni oʻrtaga tashlash yoʻli bilan mashgʻulotlar oʻtkazishi lozim. Davlat, nomli stipendiyalarni baholash jarayonini ham shaffof holga keltirish talabi mavjud. Matematikani chuqur bilgan talaba chet tilidan qoniqarli baho olishi uning qobiliyatsiz, deb baholanishiga sabab boʻlmasligi kerak.

Diplom olayotgan bitiruvchi dunyoqarashida ertaga oʻz fanida qaysidir fan boʻlimini yodlaganimas, amaliyotda qoʻllay olishi shakllangan boʻlishi lozim. Bunda ish beruvchi ishlab chiqaruvchi boʻlsa, tashkilotdan yetakchi mutaxassislarni amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishga keng jalb etish, taʼlim yoki logistik markazlar boʻlsa, bitiruvchini notiqlik hamda fikrini isbotlashga oʻrgatadigan fanlarni koʻpaytirish yoʻli bilan muammoni yechish mumkin.

Professor-oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasi, erkinligini kuchaytirish, ilmiy daraja va unvon olishdagi byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilishi kerak. Bu borada aytarli ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, xalqaro tajribada muvaffaqiyat keltirgan islohotlarni qoʻllash samaraliroq.

Yosh mutaxassislar birinchi darajali ehtiyojlari – uy-joy olishi, kitoblar nashr qildirishi, maqolalar chop ettirishi, mahalliy hamda xalqaro anjuman va konferensiyalarda qatnashishi kabilarda qoʻllab-quvvatlangan boʻlishi muhim. Shundagina ular erkin, mustaqil boʻlib, ilm yoʻlidan ketadi.

Oliy taʼlim muassasasi oʻz obroʻsi, ishonchliligini mustahkamlash uchun ichki va tashqi marketingni koʻrib chiqish shart. Ichki muhitda qatʼiy tartib-intizom yaratilishi kerakki, bunda korrupsiya, taʼmagirlik, plagiatlik, masʼuliyatsizlikni butun jamoa uchun dogʻ tushirish deb hisoblash, buning ortida jazo muqarrarligi prinsipi turishi lozim.

Taʼlim tizimida olib borilayotgan ulkan oʻzgarishlarga nafaqat biz, soha vakillari, balki, keng jamoatchilik ham bir tan, bir jon boʻlib harakat qilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Jamshid SHONAZAROV,
Qarshi davlat universiteti prorektori.