Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
00:48 / 2015-06-13

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining kasb darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablarga muvofiq muntazam qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:

oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining pedagogik va kasb darajasini muntazam oshirish asosida ularning qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek, o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni chuqur o‘rganish;

yuqori samarali zamonaviy ta’lim va innovatsiya texnologiyalari, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda, oliy o‘quv yurtlarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, dastur va uslublarini tubdan yangilash;

oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining global Internet tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, zamonaviy innovatsion pedagogika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallashi va ularni o‘quv jarayoniga faol tatbiq etishi;

oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarining chet tilini amaliy o‘zlashtirish darajasini oshirish va undan o‘z kasb mahorati, pedagogik va ilmiy faoliyatini muttasil oshirib borishi uchun keng foydalanishi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, o‘z tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralarning qayta tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish borasida mamlakatimizning ushbu yo‘nalishlarda Doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish ilmiy kengashlari, zarur uslubiy, o‘quv-laboratoriya va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega 15 ta yetakchi oliy o‘quv yurtini oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagogik kadrlarini qayta tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha Tayanch oliy o‘quv yurtlari sifatida belgilashga doir taklifi 1-ilovaga muvofiq qabul qilinsin. 

Quyidagilar Tayanch oliy o‘quv yurtlarining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin: 

qayta tayyorlashning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

ushbu kurslarda mashg‘ulotlarni sifat jihatidan yuqori tashkiliy va professional darajada o‘tkazish uchun zarur o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazani shakllantirish;

oliy o‘quv yurtining yetakchi o‘qituvchilarini va Doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha ilmiy kengash a’zolarini, shuningdek, mamlakatimizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlarining yuqori malakali o‘qituvchilari, xorijiy mutaxassislar, o‘quv-uslubiy xodimlar va amaliyotchi mutaxassislarni shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun keng jalb etish;

qayta tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha zarur axborot-ma’lumot bazasini shakllantirish, zamonaviy innovatsion pedagogika, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va qayta tayyorlash jarayoniga tatbiq etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgan tinglovchilar uchun ularning ochiq ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi, o‘tilgan darslarning muhokama qilinishi va tanqidiy tahlil etilishiga asoslangan pedagogik amaliyotni tashkil etish;

kurslarning viloyatlardan kelgan tinglovchilariga qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida oliy o‘quv yurtlari turar-joylaridan joy ajratish bo‘yicha choralar ko‘rish. 

Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha Tayanch oliy o‘quv yurtlari sifatida belgilangan oliy o‘quv yurtlari rektorlari zimmasiga qayta tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yuksak saviyada tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin. 

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

idoraviy mansubligidan qat’i nazar, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari uch yilda kamida bir marta doimiy asosda 1-ilovaga muvofiq Tayanch oliy o‘quv yurtlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan kurslarida qayta tayyorlashning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlanishi va malakasini oshirishi shart;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish 2-ilovaga muvofiq Oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasining yangilangan namunali tuzilmasi asosida ishlab chiqilgan 288 soatlik maxsus dasturlar bo‘yicha ikki oy davomida ishdan ajragan holda amalga oshiriladi;

kurslar yakunida tinglovchilar har bir Tayanch oliy o‘quv yurtida tashkil etiladigan oliy o‘quv yurti rektori yoki Fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha ilmiy kengash raisi rahbarligidagi ilmiy kengash a’zolari, o‘quv-uslubiy ishlar sohasidagi yirik mutaxassislardan tashkil topgan kamida 7 kishidan iborat Attestatsiya komissiyalari tomonidan o‘tkaziladigan attestatsiyadan o‘tadi;

Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan kurs tinglovchilariga 3-ilovaga muvofiq davlat namunasidagi qat’iy hisobdorlik hujjati hisoblangan malakaviy attestat beriladi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish yakunlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tolmagan oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari belgilangan muddatda takroriy qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tishi shart;

oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari takroriy attestatsiyadan o‘tolmagan taqdirda, oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini yo‘qotadi va ular bilan asosiy ish joyi bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilinadi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish yakunlariga ko‘ra, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagog kadrlar tegishli yo‘nalish bo‘yicha bo‘sh pedagog lavozimini egallash tanlovidan o‘tishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi;

Tayanch oliy o‘quv yurtlarida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgan tinglovchilarning asosiy ish joyida egallab turgan lavozimi va o‘rtacha ish haqi o‘qish davrida saqlab qolinadi. 

Oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan kurslar faoliyati 2015-yilning 1-sentabridan tashkil etilsin. 

4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2015-yilning 1-avgustiga qadar oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasining tasdiqlangan Namunali tarkibini inobatga olgan holda, oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yangilangan malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarining ishlab chiqilishi va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

5. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining rahbar va o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini tashkil etish borasidagi ishlarni aniq va samarali muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Idoralararo komissiya tashkil etilsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining zamonaviy talablarga muvofiq o‘z kasb darajasini muntazam oshirib borishdan manfaatdorligiga alohida e’tibor qaratgan holda, oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan vazifalar bajarilishining tegishli nazoratini ta’minlashni tashkil etish;

oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha Tayanch oliy o‘quv yurtlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashga ko‘maklashish;

zamonaviy talablar hisobga olingan holda, oliy o‘quv yurtlarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirishning o‘quv rejalari hamda dasturlarini muntazam takomillashtirib borish ishlarini tashkil etish;

pedagog kadrlarni qayta tayyorlash jarayonini qat’iy tartibga solish uchun professor-o‘qituvchilari tegishli qayta tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlashdan o‘tadigan va malakasini oshiradigan oliy o‘quv yurtlarining tegishli kafedralarini muayyan Tayanch oliy o‘quv yurtlariga biriktirish, bunda Tayanch oliy o‘quv yurti va mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining tegishli kafedralari o‘rtasida doimiy munosabatlar o‘rnatilishini nazarda tutish;

oliy o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha Tayanch oliy o‘quv yurtlaridagi attestatsiya komissiyalarining shaxsiy tarkibini shakllantirish va tasdiqlash, har yil ularning hisobotlarini doimiy tinglash va zarur hollarda, ular tarkibiga o‘zgartishlar kiritish. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining oliy o‘quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha Tayanch oliy o‘quv yurtlari Attestatsiya komissiyalari raislari lavozim maoshiga 30 foiz miqdorida ustama haq belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda Attestatsiya komissiyalari raislari qayta tayyorlashdan o‘tgan va malaka oshirgan rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning sifat darajasiga, qarorlar qabul qilishda xolislik, oshkoralik va prinsipiallik uchun shaxsan javob berishi belgilab qo‘yilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur Farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilsin va unda quyidagilar ko‘zda tutilsin:

Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;

oliy o‘quv yurtlari rahbar va o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlash;

Tayanch oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikasi va o‘qitishning texnik vositalari bilan jihozlash choralari. 

8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2015-yil 12-iyun