Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy taʼlim muassasalarining bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtishi taʼlim bozorida sogʻlom raqobatni yuzaga keltiradi
19:01 / 2019-12-27

Misol uchun, 2020-yildan oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadigan oliygohlar qariyb 17 ming nafar talabani oʻqishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019-yildagi koʻrsatkichdan 20 % koʻp demakdir.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2020-yil 1-yanvardan boshlab yurtimizdagi 10 ta oliy taʼlim muassasasi tajriba-sinov tariqasida oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtadi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy boshqaruv tizimini liberallashtirish, ularga byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb qilishda koʻproq imkoniyatlar yaratish, professor-oʻqituvchilar va talabalarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratish orqali oliy taʼlimdagi islohotlar samaradorligi va taʼlim sifatini oshirishdir.

2020-yil yanvaridan Toshkent davlat iqtisodiyot, Toshkent davlat yuridik, Urganch davlat va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetlari, Samarqand davlat chet tillar, Samarqand iqtisodiyot va servis, Toshkent moliya, Toshkent davlat sharqshunoslik, Toshkent farmatsevtika va Toshkent temir yoʻl muhandislari institutlari tajriba-sinov tariqasida oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtadi.

Oliy taʼlim muassasalarining bosqichma bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtishi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash orqali akademik mustaqillikka erishishi, pirovardida malakali kadrlar tayyorlash va keng ilmiy-tadqiqot faoliyatni yoʻlga qoʻyish tajribasi rivojlangan davlatlarda anʼanaga aylangan.

Oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadigan oliy taʼlim muassasalariga taʼlim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

Mustaqil moliyalashtirish tizimiga oʻtadigan oliy taʼlim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.

Misol uchun, 2020-yildan oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadigan oliygohlar qariyb 17 ming nafar talabani oʻqishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019-yildagi koʻrsatkichdan 20 % koʻp demakdir.

Oʻz-oʻzini moliyalashtirish tizimini joriy etilishi oliy taʼlim sohasining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi va byudjet mablagʻlarining ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur boʻlgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor boʻlib qoladi. Tahlillarga koʻra 2020-yilda respublikadagi oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga 7 trln. soʻmdan ortiq (2019-yilga nisbatan 50, 5% koʻp) mablagʻ ajratilishi prognoz qilindi.

Hozirda oliy taʼlim muassasalari oʻz mablagʻlarini koʻp hollarda oldindan belgilab berilgan tartibda sarflashga majbur, yaʼni ajratilgan mablagʻga muvofiq xarajat qilinadi: 46,8% — oylik maoshlar uchun, 33,1% — stipendiyalarga, 11,5% — byudjet uchun ajratmalar va 8,6 % — boshqa xarajatlar uchun. Yangi moliyalashtirish tizimiga oʻtadigan oliy taʼlim muassasalari esa yuqoridagi maqsadlar uchun qancha mablagʻ sarflashni mustaqil oʻzi belgilaydi, yaʼni maqsadga muvofiq xarajat qilinadi.

Bunda, oliy taʼlim muassasasi yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va ularga koʻproq haq toʻlash, koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlarini mustaqil belgilash, iqtidorli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan boʻlgan talabalarni moddiy ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash huquqiga ega boʻladi.

Qolaversa, oliy taʼlim muassasalariga oʻqitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy taʼminotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini, kitoblar, jurnallar, oʻquv adabiyotlari xarid qilish va chop ettirish uchun mablagʻlarni mustaqil sarflash huquqi beriladi.

Oliygohlar qoʻshimcha mablagʻlari hisobiga xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻquv jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish hamda bu orqali taʼlim sifati va muassasa jozibadorligini oshirishlari mumkin boʻladi.

Ushbu imkoniyatlar oliy taʼlim sohasi xodimlari nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar rivojiga ijobiy hissa qoʻshadi. Mehnatga munosib haq toʻlanishi oliy taʼlim muassasalariga yosh iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni jalb etishga va sohada sogʻlom raqobatni vujudga keltirishga xizmat qiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida mablagʻlardan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash uchun talabalar, ota-onalar vakillari, qolaversa, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat boʻladigan Jamoatchilik kengashi vakolatlari kengaytiriladi. Mavjud mablagʻlarning talon-taroj boʻlmasligi hamda ularning maqsadli ishlatilishini muassasaning har bir aʼzosiga kuzatib borishi uchun imkoniyat yaratiladi.

Jahon tajribasidan koʻrishimiz mumkinki, sifatli taʼlim bepul boʻlmaydi. Taʼlim sifatini taʼminlab beradigan barcha omillar maʼlum bir resurslarni talab qiladi. Rivojlangan davlatlarda oliygohlar malakali kadrlar tayyorlash orqali mustaqil mablagʻ ishlab topadigan, shu bilan birga ilm-fan, texnika va innovatsion taraqqiyotning drayveriga aylanib ulgurgan.

Mazkur tashabbus Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlardagi ilgʻor tajribalarni oʻrgangan holda tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Oʻzini-oʻzi moliyalashtirish oliy taʼlim muassasalarining toʻligʻicha xususiy sektorga oʻtib ketishini anglatmaydi, balki ularga mustaqil rivojlanish, taʼlim sifatini oshirish uchun mavjud resurslardan foydalanishda erkinlik beriladi.

Mustaqil moliyalashtirish oliy oʻquv yurtlariga xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, zamonaviy AKTni joriy etishdagi vazifalarni hal qilishda qoʻshimcha imkoniyatlar beradi. Bu esa Oʻzbekiston taʼlim bozorida sogʻlom raqobat muhitini yaratadi, oliy taʼlimning jozibadorligini oshiradi, sohaga xorijiy investitsiyani jalb qilishda ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Yangi tizimga oʻtayotgan oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qoʻshimcha mablagʻ topish maqsadida mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi sohada korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik uchun mazkur 10 ta oliy taʼlim muassasasidagi oʻquv jarayonlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qatʼiy nazorat qilib boriladi.

Oliy taʼlimni rivojlantirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida tatbiq etilgan yangi tashabbusni davr talabi desak, xato boʻlmaydi. Bugun yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun zamonaviy kadrlar kerak. Malakali kadrlar tayyorlash uchun esa oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, unga xalqaro tajriba va bozor talablarini olib kirish, sogʻlom raqobat muhitini yaratish lozim. Oliygohlarning oʻzini oʻzi moliyalashtirishga bosqichma bosqich oʻtishi oliy taʼlimni yangi zamonaviy darajaga olib chiqish maqsadida boshlangan katta oʻzgarishlarning dastlabki bosqichidir. Bunda isteʼmolchining ham, buyurtmachi va ijrochining ham manfaatlari, qonuniy huquqlari shubhasiz inobatga olinadi.

Bahriddin SHAYVALIYEV,
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
axborot xizmati bosh mutaxassisi.