Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy taʼlim muassasalaridagi yashirin “oʻyin”lar
15:30 / 2020-07-29

Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qoʻshimcha tarzda mablagʻ yigʻish jarayoni.

Deputat fikri

Har bir davlat ijtimoiy sohasining taraqqiyoti taʼlim tizimining, shuning ichida oliy taʼlim tizimining mukammallashishiga bogʻlikdir. Buning uchun esa oliy taʼlim sohasida qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish, “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish eng dolzarb muammolardan hisoblanadi.

Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarining (OTM) oʻquv-uslubiy, ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha faoliyatidan tashqari quyidagi yoʻnalishlarda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi eʼtibor qartishi lozim boʻlgan bir qator korrupsiogen holatlar kuzatilmoqda:

Oliy taʼlim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish toʻliq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, hududda ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qoʻshimcha mablagʻ keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda koʻrsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda oʻzlashtirish jarayoni;

Oliy taʼlim muassasalarini taʼmirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish, taʼmirlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarning tender hujjatlarini soxtalashtirish, oʻziga “qarashli” firmalar tomonidan tender yutib olinishini taʼminlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablagʻlarni “tanish” korxonalarga pul koʻchirish yoʻli bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va oʻrtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni;

OTMlarning moddiy-texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni, OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindoshi tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat koʻrsatishga belgilanganidan koʻproq miqdorda mablagʻ ajratish;

Oliy taʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlariga “yaqin” professor-oʻqituvchilar va xodimlar nomiga mukofot yozib, maʼlum qismini oʻzlashtirish holatlari;

Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qoʻshimcha tarzda mablagʻ yigʻish jarayoni.

Keltirib oʻtilgan muammolar roʻyxati bu bilan cheklanmaydi. Bu kabi tizimli muammolar deyarli har bir OTMda uchrab turishi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi uchun ham yangilik emas. Lekin yillar davomida bu muammolar bartaraf etilmaganligi OTMlarning asosiy vazifasi boʻlgan sifatli taʼlim berishiga toʻsqinlik bermoqda.

Yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi kabi muammolarga ham eʼtibor qaratilib, ularni bartaraf etishda har bir OTM jamoasining fikri yashirin tarzda oʻrganilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Oʻrganish natijalari ochiq holatda jamoatchilikka oshkor etilsagina bunday salbiy holatlar oldi olinardi. Zero koronavirus pandemiyasi koʻplab sohalar kabi taʼlim tizimidagi muammolarni yaqqol namoyon etib berdi. Bu muammolarni bugun bartaraf etmasak kelajak avlod bizni kechirmaydi.

Muhammad VALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
Adolat SDP fraksiyasi aʼzosi.