Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sudning hal qiluv qarorlari asosida mingdan ortiq ekstremistik ruhdagi manba taqiqlangan
18:35 / 2024-03-05

Prezidentimizning 2019-yil 4-sentyabrdagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 8-bandida Oliy sud o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik, deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e’lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlashi alohida qayd etilgan.

Shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lumot berdi: 

– Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadida Oliy sud tomonidan mamlakatimiz hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan manba va kontentlar (materiallar) ro‘yxati Oliy sudning rasmiy veb-saytidagi “Ochiq ma’lumotlar” ruknida (https://sud.uz/open-info/supre…) muntazam ravishda yangilanib, e’lon qilib borilmoqda. 

Zotan, faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoq va mobil messenjerlar orqali yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta g‘oyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi orasida nosog‘lom aqidani singdirish holatlari kuzatilmoqda. 

Qolaversa, ekstremizm va terrorizm singari buzg‘unchi g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan bunday manbalar hayotiy tajribasi va diniy bilimlari yetarli bo‘lmagan ba’zi yoshlarga ta’sir o‘tkazib, ularning ongida yovuzlik, qo‘poruvchilik singari illatlarni shakllantirishi hech gap emas. 

Aytish joizki, bunday buzg‘unchilik va vayronakorlikni targ‘ib qiluvchi manba va materiallarni sud tartibida taqiqlash amaliyoti xorijiy davlatlarda ham keng qo‘llaniladi. 

2019-yildan bugungi kunga qadar Oliy sudning 80 dan ziyod hal qiluv qarori asosida Internet tarmog‘idagi, xususan, “Meta” (Facebook), “Odnoklassniki”, “Instagram” va “TikTok” ijtimoiy tarmoqlari, “Telegram” mobil messenjeri, “YouTube” videoxostingi va boshqa mingdan ortiq manba va ulardagi materiallar diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik g‘oyalarini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan, deb topilib, ularni O‘zbekiston hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan. 

Binobarin, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Diniy aqidaparastlik, ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet nashrlar, kanallar, sahifalar, profillarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Biroq bu chora-tadbirlarga qaramay, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq qilmishlarni sodir etish holatlari hamon uchrab turgani g‘oyatda tashvishlidir. 

Holbuki, bunday jinoiy qilmishlarga nisbatan amaldagi qonunchiligimizda qat’iy javobgarlik belgilab qo‘yilgan. 

Qilmish og‘irligi darajasiga qarab beriladigan jazo ham og‘irlashib boradi. Bunday qilmish uchun 8-yilgacha ozodlikdan mahrum etish qonunchilikda nazarda tutilgan. 

Shu o‘rinda ota-onalar va yoshlarga murojaat etib, aytib o‘tamizki, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolishdan doimo saqlaning. Ular hayotingiz va orzularningizni barbod qilishiga aslo yo‘l qo‘ymang. Sud tomonidan taqiqlangan manbalardan yiroq bo‘ling. 

N.Abduraimova, O‘zA