Oliy sud plenumining navbatdan tashqari majlisida ayrim jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlariga ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Majlisda Sudyalar oliy kengashining 2026-yil 17-fevraldagi qaroriga muvofiq sudyalik lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan Yunusali Jahongirov, Ro‘zi Nazarov, Musurmon Eshquvvatov, Shuhrat Rajabov va Naim Nabiyevning qasamyodi eshitildi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov yangi tayinlangan sudyalarga fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat faoliyatida qabul qilgan qasamyodga sodiq bo‘lish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda ishtirok etgan sudyalarning yaqinlari ularga ezgu tilaklarni bildirdi.
Qasamyod qabul qilgan 5 nafar yangi sudyaga sudyalik guvohnomalari bilan birga "Sudyalar odobi kodeksi" topshirildi.
***
Sudyalar oliy kengashining navbatdagi qarorlari bilan esa 7 nafar sudya sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik davriga, 12 nafar sudya vakolat muddati davriga boshqa lavozimlarga tayinlandi. Shu bilan birga, yozma arizasiga binoan 7 nafar sudya lavozimidan ozod etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA