English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sudda shaxsiy nomulkiy huquqlar, jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti bilan bog‘liq qarorlar qabul qilindi
16:49 / 2025-11-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudyalar, Bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi va Advokatlar palatasi raislari, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi B.Islomov raislik qilgan yig‘ilishda sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish, jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti bilan bog‘liq qarorlar ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

“Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida”gi plenum qarori inson huquqini himoya qilish masalasiga doir qonunchilikni sudlar tomonidan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.  

Ushbu masalaga bag‘ishlangan amaldagi qaror 33 yil avval qabul qilingani uning yangi tahririni qabul qilish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Yangi plenum qarorida sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish huquqlari, shaxsning nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarini ham himoya qilish yuzasidan tushuntirishlar berilgan.

[gallery-26402]

Xususan, sud himoyasining shakli va usuli – buzilgan huquqni tan olish; buzilishdan oldingi holatni tiklash; keyingi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar, jumladan, shaxsning roziligisiz axborot, tasvirlar, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish, ularni tarqatishni taqiqlash; huquqni buzuvchi axborotlarni o‘chirish, yo‘q qilish yoki bloklash, moddiy va ma’naviy zarar uchun tovon undirish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralardan iborat ekanligi haqida tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga da’vo muddati tatbiq qilinmasligi, ushbu huquqlarni himoya qilish to‘g‘risidagi arizalar sudlarda ko‘rilishi va sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar haqida tushuntirishlar berildi.

Sudlar tomonidan jazo tayinlash amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalar munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaror qabul qilindi.

Ushbu qaror sud amaliyotini birxillashtirishga, jinoiy jazo tizimining zamonaviylashishiga, inson huquqlari hamda jamiyat xavfsizligi o‘rtasidagi muvozanatni samarali ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar asosida qonunchilikka jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi, sud hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga yangi normalar qo‘shildi. Bu esa, mavjud plenum qarorlarini yangi qonunchilikka moslashtirishni taqozo etadi.

Oliy sud plenumining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish va ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroridagi o‘zgartirishlar uch asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: kredit munosabatlari va garov masalalari, sud hujjatlarini ijro etish tartibi hamda yerga oid huquqiy munosabatlar. Ushbu sohalarning har biri iqtisodiy hayot va fuqarolarning huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Qabul qilingan qarorlardagi tushuntirishlar kelgusida qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashga xizmat qiladi. Muhimi, odil sudlovni amalga oshirish, qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilinishiga zamin yaratadi.  

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA