Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sud: sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinishiga oid hujjatlar qabul qilindi
17:19 / 2024-03-25

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining navbatdagi plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganini tekshirish institutini qo‘llashda sud amaliyotida dolzarb bo‘lgan masalalar yuzasidan tayyorlangan beshta qaror loyihasi ko‘rib chiqildi. 

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshqargan majlis avvalida mamlakatimizda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari sudlarni fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organ sifatida xalqqa yanada yaqinlashtirish bilan bir qatorda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish imkonini bergani qayd etildi. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

– «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish g‘oyasi aks ettirilgan, – deydi Oliy sud jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov. – Bu sudyalar korpusiga alohida mas’uliyat yuklagan holda «Xalqparvar sud» tamoyili asosida sudni xalqimizga adolat bilan xizmat qiladigan qo‘rg‘onga aylantirish vazifasini qo‘ymoqda. Shu maqsadda sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Zero, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya mujassam. O‘tgan yili Prezidentimiz sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini tasdiqlab berdi. Plenum majlisining muhokamasiga qo‘yilgan masalalar ham aynan shu strategiyaga muvofiq qabul qilingan qonunlarga bag‘ishlangan.

 [gallery-16590]

«Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida», «Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi plenum qarorlari loyihalari shular jumlasidandir.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur hujjatlar tajribali amaliyotchi va nazariyotchilar, ilmiy-maslahat kengashi a’zolaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan va bir necha marotaba muhokama qilingan. 

Ishchi guruhlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan masalalarga oid qoidalar tahlil qilinib, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasi o‘rganilgan. 

O‘rganishlar bevosita joylarga chiqish orqali amalga oshirilib, yo‘l qo‘yilgan xatoliklar tahlil qilingan. Aniqlangan muammoli masalalar bo‘yicha sudlardan, sud faxriylaridan, ushbu masalalarga oid manfaatdor idoralardan fikr-mulohazalar olingan. 

Ma’lumki, shu yilning boshidan sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay yangi tartibi sudlar faoliyatiga joriy etildi. 

Protsessual qonunchilikka sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibi kiritilgani, ushbu tartib bo‘yicha yagona sud amaliyotini ta’minlash kerakligini inobatga olib, sud qarorlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rishda qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan tushuntirishlar berish ehtiyoji yuzaga keldi.

Yangi tartibga ko‘ra, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning vakolatlari va mas’uliyati oshirilib, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqi yanada kengaytirilib, aholining joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berildi.

Plenum qarorlarida qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat yoki protest asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini esa, kassatsiya tartibida qayta ko‘rishning asosiy jihatlari, ish yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan. Sudlarda yagona amaliyotni shakllantirishga oid muhim tushuntirishlar aks ettirilgan.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Norgul Abduraimova, O‘zA