O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudyalar, Bosh prokuror, senatorlar, deputatlar, Ombudsman, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshqargan yig‘ilishda sud-huquq islohotlari sudlarni fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organ sifatida xalqqa yanada yaqinlashtirganini qayd etdi. Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish imkonini beradigan muhim o‘zgarishlar amaliyotga joriy qilindi.
Sudlar faoliyatiga sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatliligini tekshirishning fuqarolarga qulay yangi tartibi joriy etildi.
Protsessual qonunchilikka sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibi joriy etilgani, ushbu tartib bo‘yicha yagona sud amaliyotini ta’minlash lozimligi inobatga olinib, sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishda qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan tushuntirishlar berish ehtiyoji yuzaga keldi.
Shundan kelib chiqib tayyorlangan Oliy sud plenumining qarorlari majlisda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Jumladan, Oliy sud plenumining «Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorida taftish instansiyasi sudida jinoyat ishlarini taftish tartibida ko‘rish uchun nafaqat shikoyat va protest, balki xususiy shikoyat hamda xususiy protest asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Taftish instansiyasiga berilgan vakolatlarga ko‘ra, ishning haqiqiy holatlari to‘liq aniqlangani va Jinoyat kodeksi normalari to‘g‘ri qo‘llanilgani, ish yuritishni amalga oshirish chog‘ida Jinoyat-protsessual kodeksi normalariga rioya etilgan-etilmagani qo‘shimcha ravishda tekshirilgan dalillar bo‘yicha tekshirilishi shart.
«Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni taftish tartibida ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi plenum qaroriga ko‘ra, bu toifadagi ishlar taftish tartibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudda ko‘rib chiqiladi. Buning uchun taraflarning shikoyat va protesti qanday tartib va muddatlardan kechiktirilmay taqdim etilishi qarorda ko‘rsatilgan.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest)ni ko‘rib chiqishda undagi vajlar bilan chegaralanmasdan, ishda mavjud, shuningdek, sudga taqdim etilgan yoxud sud tomonidan talab qilib olingan yangi dalillar bilan birga ishni to‘la hajmda tekshirishi kerak.
«Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini taftish tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorda fuqarolik ishlarini taftish tartibida qayta ko‘rish jarayonida sudlar tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilishi va protsessual qonun talablariga rioya etilishini tekshirishga doir muhim tushuntirishlar o‘z ifodasini topgan.
Ayniqsa, amaliyotda keng muhokama bo‘layotgan, ya’ni davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar faqat da’vo ariza (ariza) ular tomonidan berilgan holdagina sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishi mumkinligi, aks holda shikoyatni qabul qilish rad etilishi kabi fikrlarga chek qo‘yish maqsadida bu masalaga aniqlik kiritildi. Ya’ni, Savdo-sanoat palatasi o‘z a’zolari manfaatida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan yoki qilmaganligidan qat’i nazar, sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berish mumkin.
Iqtisodiy sudlarda ko‘rilayotgan nizolar ko‘lamining kengligi shikoyat (protest) keltirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar aniq doirasini belgilashda amaliyotda doimo nizoli masala bo‘lib kelgan. «Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni taftish tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorda taftish tartibida qayta ko‘rish quyi instansiya sudlari hujjatlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishda inobatga olinishiga doir tushuntirish berilgan.
[gallery-17981]
«Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni taftish tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarorda bu toifadagi ishlarni taftish tartibida ko‘rishning asosiy jihatlariga, shu jumladan, taftish instansiyasining vakolatlariga doir tushuntirishlar o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga, taftish tartibidagi murojaatlarni bildirish muddatlariga oydinlik kiritish maqsadida shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkinligi, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash masalasini ko‘rib chiqish mexanizmi batafsil yoritib berilgan.
Qabul qilingan plenum qarorlari yagona sud amaliyotini shakllantirish, qonunlarni bir xil qo‘llash, muhimi, odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA