O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi penumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda sudyalar, olimlar, tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Oliy sud plenumining uchta yangi qarori loyihasi muhokama qilindi.
“Jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash bo‘yicha sudlar rolini oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jinoyat-protsessual qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga qaratilgan.
Unga ko‘ra, sudlar jinoyatlar profilaktikasiga oid faoliyatida sud protsessida jamoatchilik ishtiroki samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rishi zarur. Sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi ishtirok etishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi masala jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasi iltimosnomasiga ko‘ra, sudyaning ajrimi bilan hal qilinadi.
Qarorning qabul qilinishi jinoyatlarning oldini olish hamda ularga chek qo‘yish, shuningdek, ularning sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish imkonini beradi. Sud protsessida jamoatchilik vakillarining ishtirok etish tartib-tamoyillariga oydinlik kiritadi.
“Sud tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlarga Fuqarolik protsessual kodeksining 71-moddasiga ko‘ra, fuqarolik ishi bo‘yicha dalillar deganda, taraflar o‘z talablari va e’tirozlarini asoslayotgan holatlar, shuningdek ishning to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa har qanday holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini sud qonunda belgilangan tartibda aniqlashi uchun asos bo‘ladigan har qanday faktik ma’lumotlar tushunilishi kerak.

Qarorda dalillar tushunchasi, ularni olish tartibi, isbotlash predmeti va majburiyati, dalillar maqbulligi va aloqadorligi hamda boshqa bir qator muhim protsessual masalalar o‘z aksini topgan.
“Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasida iqtisodiy ishlarni ko‘rishda davlat boji undiriladigan arizalar va shikoyatlar turlari, davlat boji, pochta va boshqa sud xarajatlarini undirish hamda taraflar o‘rtasida taqsimlash xususiyatlari, davlat bojidan ozod qilish va uni qaytarish asoslari kabi masalalar bayon etilgan.
Bu iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan mazkur masalaga doir qonun hujjatlari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi. Bunda nazarda tutilayotgan jihatlar iqtisodiyot sohasida tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
- Ko‘rib chiqilgan plenum qarorlari jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan, - deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidov. – Shu bilan birga, qarorlar qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. O‘z navbatida, qabul qilingan qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilishi qayd etildi.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA