Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida sohani bugungi kun talablariga moslashtirishga oid vazifalar belgilangan.
Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirishga oid belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator - “Uzinfocom” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif davomida ishlab chiqilayotgan “Raqamli sud” axborot tizimi taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda mazkur tizimning fuqarolar, advokatlar, yuristlar va sudyalar uchun mo‘ljallangan funksional imkoniyatlari, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi hamda fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modullari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini ishga tushirish, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish hamda sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan tanishildi.
Tadbir davomida sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda Prezident farmonida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli taklif va ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA