Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sud rahbariyati odamlarning dardiga quloq tutdi
10:16 / 2024-06-08

Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar o‘tkazilayotgani fuqarolarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalarning ijobiy yechim topishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabulda ko‘plab hamyurtlarimizning sud-huquq borasidagi murojaatlari eshitildi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov rahbarligida bo‘lib o‘tgan qabullarda fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlar bilan bog‘liq 51 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Shundan Oliy sud raisining o‘rinbosari 25 fuqaroning sud-huquq masalalariga doir murojaatlarini o‘rgangan bo‘lsa, Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov 19 kishi, viloyat ma’muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova esa yetti nafar fuqaroning dardiga quloq tutdi.

Murojaatlarning 33 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilib, 10ga yaqin murojaat yuzasidan ariza va shikoyatlar Oliy sud tomonidan o‘rganish uchun qabul qilib olindi. Sakkizta murojaat joyida o‘z yechimini topdi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida o‘tkazilgan sayyor sud majlislarida sodir etgan jinoyati uchun sud hukmiga asosan jazosini o‘tayotgan 12 nafar shaxs qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi munosabati bilan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ish haqi, aliment undirish bo‘yicha murojaatlar o‘rganilib, sud buyruqlari chiqarildi va ijroga qaratildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan dildan suhbat qurilgani natijasida ikkita oila yarashtirildi.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA muxbiri