O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida 2025 yilda sudlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov o‘tgan yilda sudlar tomonidan 4 milliondan ortiq ish ko‘rilganini qayd etdi. Oliy sudda jami 4 ming 766 jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar ko‘rildi. 4 milliondan ortiq ishning 3,3 foizi ustidan yuqori instansiya sudlariga shikoyat yoki protest berilgan.
“Yuqori instansiya sudlarida bekor qilinayotgan qarorlarni chiqargan sudyalarga qanday javobgarlik borligi, masalan, taftish instansiyasida quyi jinoyat sudlarning 213 qarori bekor qilingani oqibatidagi ovoragarchilik uchun kim javob beradi?” mazmunidagi savolimizga A.Usmonov, albatta, bu javobsiz qoladigan holat emasligini ta’kidladi. Jiddiy qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani uchun o‘tgan yilda 3 nafar sudyaga jinoyat ishi ochildi. Qo‘pol qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 59 nafar sudya lavozimidan ozod qilindi. Sud sohasida qonuniylikka rioya etmaydigan, mas’uliyatsiz va nopok xodimlarga nisbatan murosasiz muhit yaratilgan.
Sudlar tomonidan qariyb 422 nafar shaxs oqlandi. Ular foydasiga davlat byudjetidan 24 milliard so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlar undirish belgilandi.
Inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, ularning nohaq javobgarlikka tortilishini oldini olishga qaratilgan ishlar natijasida qariyb 16 ming nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan yoki o‘zgartirilgan. 8 ming 85 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan. 35 ming 572 nafar shaxs esa jazoni o‘tashdan muddatdan ilgari shartli ozod qilingan. 135 ming 130 nafar shaxs o‘zaro yarashganligi uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinib, sudlanganlik tamg‘asidan xalos bo‘lgan.
Sudlangan 63 ming 340 nafar shaxsning 30 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 70 foiziga boshqa muqobil jazo choralari ko‘rilangan.
Tahlillar firibgarlik, avtoavariya, o‘g‘irlik va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar eng ko‘p sodir etilganini ko‘rsatgan.
Sudlar tomonidan 2023-2025 yillar davomida 128 ming 310 sanksiya va majburlov choralarini qo‘llash haqidagi iltimosnoma ko‘rilgan. 72 ming 425 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash haqidagi iltimosnoma ko‘rilgan. Shundan 2 ming 431 tasi yoki 3,3 foizi rad qilingan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda oilaviy nizolar bilan bog‘liq 134 mingdan ortiq ish ko‘rilgan. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 5 ming 235 oila yarashtirilgan.
Mehnat nizolariga oid 14 mingdan ortiq da’vo arizalar ko‘rilib, ularning 59 foizi qanoatlantirilgan. Bu toifadagi ishlar soni o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 8,5 foizga ko‘paygan.
Sud qarori bilan ishga tiklangan shaxslar foydasiga 155 milliard so‘m majburiy progul vaqti, to‘lanmagan ish haqi va zararlar undirilishiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan 691 ming ish ko‘rilgan. 73 mingdan ortiq ish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari manfaatida qarorlar chiqarilgan. Ularning foydasiga 10,8 trillion so‘mga yaqin miqdoridagi mablag‘ undirish belgilangan.
Investitsiyaviy nizolarga oid 144 ish ko‘rilib, ularning 61 foizi qanoatlantirilgan. Investorlarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari sudlar tomonidan tiklangan.
3 ming 755 ish sudlarda taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzish orqali yakunlangan. Bu bilan tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va sarf-xarajatlari oldi olingan.
Ma’muriy sudlar tomonidan qariyb 17 ming 714 ishdan 39,5 foizi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Davlat boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy qarorlari bekor qilingan.
Sudning ta’sirchanligini oshirish maqsadida idora yoki tashkilotlar faoliyatida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish borasida 72 mingdan ortiq xususiy ajrim chiqarilgan.
Fuqarolar bilan shaxsiy qabullar orqali bevosita muloqotga kirishish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, ya’ni “Qayta aloqa” sudyalar faoliyati bo‘yicha jamoatchilik fikridan xabardor bo‘lish imkonini bermoqda. 7 ming nafardan ortiq fuqaro Oliy sud rahbariyati tomonidan shaxsan qabul qilingan.
Sudlar va majburiy ijro byurosi organlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ijro hujjatlarini elektron ma’lumot almashish tizimi ishga tushirilgan. 42,5 trillion so‘mlik 5 milliondan ortiq hujjat ijroga yuborilgan.
Sud ish yurituvini raqamlashtirish hamda barcha instansiyalarda sudyalar o‘rtasida ishlarni inson omilisiz, avtomatik tarzda taqsimlash jarayonlarini takomillashtirish maqsadida «Adolat» axborot tizimi ishga tushirildi. Natijada sud ishlarini ko‘rish tartibi 90 foizgacha avtomatlashtirildi.
Sudlarga shikoyatlarni elektron yuborish, ishning sudda ko‘rib chiqilish bosqichlari va natijalari haqida ma’lumotlarni onlayn bilib borish imkoniyati yaratilgan. Sudlanuvchini sud binosiga olib kelmasdan qamoqxona va jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan videokonferensaloqa tizimidan foydalanib, sud majlislarida onlayn rejimda ishtirok etish imkoniyati yaratilgan. Buning natijasida 205 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘i tejaldi.
Sud jarayonida zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni tezkorlik bilan o‘zaro almashish imkoniyatini ta’minlash maqsadida 35 davlat tashkilotining 54 axborot tizimi bilan Oliy sud axborot tizimiga integratsiya qilindi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.
Norgul ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri