Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sud plenumining qator qarorlari yangi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi
16:56 / 2023-11-20

Oliy sud plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy sud va quyi sudlar sudyalari, senatorlar, deputatlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshqargan yig‘ilishda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida o‘rin tutishini qayd etdi. Shuning uchun ham keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy, tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.  

Yig‘ilishda Oliy sud plenumining qator qarorlari ko‘rib chiqildi.  

2022 yil 28 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 1995 yilda qabul qilingan Mehnat kodeksidan farqli ravishda yangi Mehnat kodeksida majburiy mehnatni taqiqlash, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik kabilar asosiy prinsip etib belgilandi.  

Yangi Mehnat kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan sud amaliyotida mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan fuqarolik ishlarini ko‘rish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimini topish va bir xildagi sud amaliyotini shakllantirish maqsadida Oliy sud plenumining 1998 yil 17 apreldagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanishi haqida”gi qarorini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati tug‘ildi.  

Shu maqsadda “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.  

Plenum qarorida mehnat qonunchiligiga doir nizolarni adolatli va qonuniy hal etishga ko‘maklashuvchi muhim tushuntirishlar o‘z ifodasini topgan.  

Majlisda ko‘rib chiqilgan “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi plenum qarorida sudlar tomonidan qonun normalarini qo‘llashda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim tushuntirishlar berilgan. Ushbu tushuntirishlar sudlarda harbiylarga oid jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, dastlabki tergov harakatlarini amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.  

Sudlar tomonidan chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari hamda xalqaro normalarni qo‘llashda tug‘ilayotgan savollarning yechimini topish, amaliyotda uchrayotgan ayrim muammolarni hal etish maqsadida “Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilishida qonunchilik hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.  

Mazkur plenum qarori iqtisodiy sudlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rish, protsessual va moddiy huquq normalarini bir xilda qo‘llashga qaratilgan. Shu bilan birga, qarorda chet el davlat sudi yoki arbitraj qarorini tan olish va ijroga qaratish, shuningdek, chet el davlat sudining topshirig‘ini bajarish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sud amaliyotini birxillashtirish, sudlar tomonidan mazkur ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan ayrim xatoliklarni bartaraf etish bo‘yicha tushunchalar berilgan.  

Yer umummilliy boylik bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqning farovon turmushi garovi hisoblanishi barobarida hajm jihatidan cheklangan tabiiy resurs bo‘lgani sababli bebaho ne’mat hisoblanadi. Shu sababli ham Konstitutsiyaning 68-moddasida yerdan oqilona foydalanish zarurligi va u davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan.  

Yer maydonlaridan samarali va oqilona foydalanishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirilib, keyingi uch yilning o‘zida sohaga oid 30 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.  

Shuningdek, qonunchilik takomillashuvi borasidagi eng muhim yangilik – bu yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilingani va uning normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi belgilanganidir.  

Sohada yangilanishlar tufayli Oliy sud plenumining 2006 yilda qabul qilingan “Yer kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarori ma’nan eskirdi. Shuning uchun bu yo‘nalishda “Sudlarda yer nizolarini ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.  

Mazkur yangi plenum qarorida yerni ajratish, ijaraga berish, unga egalik huquqini belgilash va shunga o‘xshash yer bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha nizolarni to‘g‘ri hal qilish, qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga qaratilgan tushuntirishlar aks etgan. Bu nafaqat xalq orasidagi tushunmovchiliklar, balki huquqni qo‘llovchilar o‘rtasida uchrayotgan bahs va munozaralarga ham barham beradi.  

Ma’lumki, sud-huquq sohasiga taalluqli bir qator yangi qonunlar qabul qilinib, jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy huquq sohasidagi ba’zi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.  

Jumladan, oilalarda er-xotin o‘rtasida yuz berayotgan noxush holatlar, xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonliklarga nisbatan tegishli choralarni belgilash va javobgarlikni kuchaytirish maqsadida 2023 yil 11 aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.  

Ushbu qonun bilan amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilib, ushbu qilmishlar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilandi.  

Yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar Oliy sud plenumining amaldagi qarorlariga tegishli o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish zaruratini keltirib chiqardi.  

Yangi qabul qilingan qonun, undagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishini tartibga soluvchi me’yorlardan kelib chiqib, odil sudlovni amalga oshirishda moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri tatbiq etish hamda sudlarda yagona amaliyotni shakllantirish maqsadida Oliy sudning amaldagi plenum qarorlari xatlovdan o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan Oliy sud plenumining tegishli qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorlar loyihalari tayyorlandi.  

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.  

Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA