French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sud: olti oyda sudlar tomonidan 564 nafar shaxs oqlandi
10:31 / 2023-08-08

Joriy yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 36 ming 355 nafar shaxsga nisbatan 28 ming 379 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish asnosida oqlov hukmlari chiqarildimi? Sudlangan shaxslarga qanday jazolar tayinlandi?

Bu savollarga Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov javob berdi:    

– Jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonida, albatta, hamma ham qoralanmaydi. Ya’ni, oqlangan shaxslar ham bor. Hisobot davrida sudlar tomonidan 564 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi. Sudlangan shaxslar soni 27 ming 355 nafarni tashkil etib, shundan 8 ming nafardan ortiq shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 18 ming 539 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 722 nafar shaxs shartli hukm qilindi.  

Sudlangan shaxslarning 24 ming 249 nafari erkak, 3 ming 106 nafari ayol, 10 ming 557 nafari yoshlar (shu jumladan 950 nafari voyaga yetmagan) va 892 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil etdi.  

To‘rt ming nafardan ziyod shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi. 16 mingga yaqin shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 6 mingdan ziyodiga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi. 7 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.  

158 nafar shaxs (yoshlar, ayollar va boshqalar)ga kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish kabi jinoyatlar tashkil qildi.  

Keyingi o‘rinlarda esa qasddan badanga yengil shikast yetkazish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar qayd qilindi.  

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 7,3 mingdan ziyodroq shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.  

Yetkazilgan 805 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 4 ming 420 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.  

Apellyatsiya tartibida 7,5 ming nafar shaxsga nisbatan 5 mingdan ortiq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 756 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1,8 mingdan ortig‘iga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.  

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 3 ming nafardan ziyod shaxsga nisbatan 2 ming 638 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 550 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 304 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.  

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 162 nafar shaxsga nisbatan 145 jinoyat ishi takroran ko‘rib chiqildi. 106 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 47 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA