Joriy yil birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 323 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi 271 ming 722 ish ko‘rib chiqilgan.
Oliy sud jamoatchilik bilan aloqalar markazidan ma’lum qilishlaricha, 188 ming 873 nafar shaxsga jarima solingan.
Bundan tashqari ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoning haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini transportda yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish tashkil etgan. Mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ham uchragan.
Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, haqorat qilish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish ham yo‘q emas.
Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, yengil tan jarohati yetkazish va sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar ham kam emas.
Shu bilan birga, transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 13 mingdan ziyod shaxsga nisbatan 12 ming 925 ish ko‘rib, tamomlangan.
Shundan 12 ming 461 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi jazolar qo‘llanilgan.
Apellyatsiya tartibida 6,5 mingdan ziyodroq shaxsga nisbatan 5 ming 463 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi. 1,9 mingdan ziyod shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 ming 607 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 662 nafar shaxsga nisbatan 588 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 210 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 102 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA