French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy sud: 422 nafar shaxs oqlandi
11:16 / 2026-02-02

Sudlar tomonidan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarida qanday holatlar ko‘proq kuzatilgan? Bu savolga Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov javob berdi:

– 2025 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 79 ming 554 nafar shaxsga nisbatan 63 ming 177 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 422 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi.

Jinoyat ishlarining salmoqli qismi Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.  

Ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyati firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan.  

O‘g‘rilik, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar ham ko‘proq kuzatilgan.

O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona tashkil qilish, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etgan.  

Sudlangan shaxslar soni 63 ming 340 nafarni tashkil etib, shundan 18 ming 816 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 43 ming 531 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 993 nafar shaxs shartli hukm qilindi.  

8 ming 85 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi. 15 ming 992 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.  

86 nafar shaxs (yoshlar, ayollar va boshqalar)ga kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.  

35 ming 572 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 11 ming 421 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.

Jinoyatlar sabablarini va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida 45 ming 323  xususiy ajrim chiqarilib, tegishliligi bo‘yicha yuborildi.  

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 13 ming 224 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Apellyatsiya tartibida 10 ming 423 nafar shaxsga nisbatan 7 ming 723 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 340 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 ming 375 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarori o‘zgartirildi.

Kassatsiya tartibida 6 ming 197 nafar shaxsga nisbatan 5 ming 505 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 379 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 ming 383 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Taftish tartibida 6 ming 587 nafar shaxsga nisbatan 5 ming 573 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 173 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 813 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarori o‘zgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 1 ming 72 nafar shaxsga nisbatan 915  jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 213 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 325 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

N.Abduraimova, O‘zA