Ayni kunlarda yurtimizda pilla yetishtirish mavsumi boshlangan. Mahalliy va xorijiy sifatli ipak qurti urug‘lari hududlar bo‘ylab tarqatildi.
Pilla yetishtirishda va oliy navli pilla olishda maxsus agrotexnik qoidalarga amal qilish zarur. Bu pilla xomashyosining sifatli bo‘lishida muhim omil hisoblanadi.
Xususan, ipak qurti urug‘larining rivojlanishi va ularning yalpi jonlanishi, asosan xonaning havo haroratiga va namligiga bog‘liq. Shu sabab, urug‘larning jonlanishi uchun zarur bo‘lgan maqbul rejim bilan ta’minlab beruvchi inkubatoriyalar tashkil etiladi. Bunday inkubatoriyalar pillachilik fermer xo‘jaliklarida urug‘larni jonlantirishdan ikki hafta oldin ishlatishga tayyor qilib qo‘yiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/N1ICdUlcjEs" title="Oliy navli pilla olishda nimalarga ahamiyat berish zarur?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, inkubatoriya uchun ajratilgan bino quruq va issiq hamda uch xonadan iborat bo‘lishi kerak. Xonaning bittasida urug‘ jonlantiriladi, ikkinchisida urug‘dan chiqqan qurtlar joylashtiriladi, hamda tarqatiladi, uchinchisida inkubistlar dam oladi.
Inkubatoriya xonasida urug‘larni jonlantirish davrida zarur bo‘lgan havo rejimi urug‘ni inkubatoriyaga qo‘ygan kundan boshlab, to «xabarchi» ipak qurtlari chiqa boshlagunga qadar 24-25 daraja haroratda, 75-80 foiz namlikda, shuningdek, har 3-4 soatda 15-20 daqiqaga havo almashtirish yo‘li bilan parvarish qilinadi.
Pillakorlarga ipak qurtlarini tarqatishdan oldin inkubist har bir zvenodan qurt boquvchilar ro‘yxatini oladi. Keyin esa, rejaga asosan zvenolarga (har bir quti urug‘ 19 grammdan) ipak qurtlari beriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA