O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi Maxsus elektron platforma orqali shakllantiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan ma’lumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining o‘zgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan ta’minlashni inobatga olgan holda, Platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.
Qaror bilan Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Nizomda:
davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
ish beruvchilarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yo‘nalishlarni aniqlash tartibi belgilab berilgan.
O‘zA