Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy Majlis Senati ishchi guruhi Boyovutda
15:49 / 2022-08-08

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati ishchi guruhi, tuman va shahar sektor rahbarlari, viloyat faollari olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi turmush darajasi, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, kambag‘allikni qisqartirish, ayollar bandligini ta’minlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida bo‘ldi.

Mehmonlar dastlab tumanning “Bunyodkor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Guliston — Boyovut avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan, asosan boyovutlik mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz mahsulotlari bilan savdo qiluvchi shoxobchada bo‘lib, bu yerda yo‘lovchi va xaridorlarga yaratilgan shart-sharoit, ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.

Ular tumanning “Istiqlol” mahallasida ham bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘inida keng qamrovli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirildi. Bu yangilanishlar esa hudud chiroyiga yanada chiroy qo‘shib, mahalla butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etgan.

Mahallada yashovchi fuqarolar o‘zlari yashab turgan ko‘cha va mahalla hududini obodonlashtirish, xonadonlarda yuksak sanitariya madaniyatini qaror toptirishga harakat qilmoqda. Natijada mahallada namunaviy xonadon va ko‘chalar soni ortgan. Tadbir qatnashchilari ana shunday xonadonlardan Mallayev va Xolmurodovlar xonadonida bo‘lib, ularning turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi.

Mallayevlar xonadonidagi 12 sotix tomorqada 150 tupdan ziyod mevali daraxt parvarishlanadi. Undan tashqari xonadon egalari o‘z ehtiyojlari uchun turli sabzavotlar ham yetishtiradi. Birgina tomorqaning o‘zidan yil davomida 15 million so‘mgacha daromad olinadi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, mana shunday ezgu tashabbus va bunyodkorlik tufayli respublikamiz bo‘ylab yuzlab turar joylar qad rostlamoqda. Odamlarning yillar davomida ushalmagan orzulari ro‘yobga chiqmoqda.

Shu kuni Boyovut tumanining “Uchturg‘on” MFY hududida qurilgan 4 ta 4 qavatli uyning kalitlari o‘z egalariga topshirildi. Viloyat hokimi xonadon sohiblariga kalitlarni topshirdi.

Boyovut tumanida 1960-1970 yillarda qurilgan hozirgi kunda qarovsiz holga kelib qolgan 5 ta ko‘p qavatli turar-joy o‘rnida "Ijtimoiy uy"lar tashkil etish belgilangan.

2020 yil tumanning "Sohil" mahallasida joylashgan 1-son kasb-hunar maktabi balansidagi foydalanilmayotgan bino negizida tegishli vazirlik roziligi bilan uy-joyga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida mazmunan umumiy yotoqxona, lekin ko‘rinishi, shart-sharoitlar zamonaviy ko‘p kvartirali uylardan qolishmaydigan "Ijtimoiy uy"ga aylantirish uchun amaliy ishlar boshlangan edi. Buning uchun 4,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Joriy yil 1 mart kuni  Prezidentimiz raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash yuzasidan hudud rahbarlariga bir qator vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, bugun tumanda 27 ta 1 xonali, 53 ta 2 xonali, jami 80 ta kvartiraga ega "Ijtimoiy uy"lar foydalanishga topshirildi. Bugunning o‘zida 26 ta oila o‘z xonadonlariga ko‘chib kirdi.

– Yolg‘iz o‘g‘lim bilan ko‘p yillardan buyon ijarama-ijara yashab yurar edik, – deydi F.Mavlonberdiyeva. – Hukumatimizdan minnatdorman. Ikki xonali, zamonaviy uy-ro‘g‘or buyumlari bilan jihozlangan kvartira kalitini bepul taqdim etgan kun hayotimizda eng unutilmas lahzalar bo‘lib qoldi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli islohotlar, sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida «Boyovut texno klaster» MCHJ faoliyatini keltirish mumkin.

Mazkur klaster ta’sischiligida 20,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish hisobiga ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi bunyod etilgan.

O‘z ish faoliyatini boshlagan korxona Turkiya va Germaniyaning yetakchi korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda yiliga 7,2 ming tonnadan ortiq ip-kalava ishlab chiqariladi. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan. Korxona ishga tushishi bilan 500 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

– Sanoat ishlab chiqarish korxonalari, fabrikalar aholini muqim ish joyi bilan ta’minlash va moddiy manfaatdorligini oshirishda juda muhimdir, – deydi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev. – Korxonada ishchi xodimlarga barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgan.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA