O‘zbekiston matbuoti og‘ir judolikka uchradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov shu yil
9 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi.
Safar Ostonov 1948 yilda Samarqand viloyatida tug‘ildi.
1972 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalistika mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.
Ijodiy faoliyatini 1971 yili hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasida boshlab, turli lavozimlarda ishladi. 1990-1996 yillarda “Sport” va “O‘zbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
1996-2002 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas’ul vazifalarda xizmat qilib, ommaviy axborot vositalarining huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy poydevorini mustahkamlash, sohani zamon talablari asosida rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Taniqli jurnalist 2002 yildan umrining oxiriga qadar “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining bosh muharriri lavozimida samarali mehnat qildi.
S.Ostonov mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, keng ko‘lamli islohotlarning ma’no-mazmunini jamoatchilikka yetkazish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, axborot sohasidagi siyosatni amalga oshirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
2020 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida samarali faoliyat yuritib, qonun ijodkorligi sohasida o‘zining boy bilim va tajribasini yorqin namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda olib borilayotgan xalq bilan bevosita muloqot qilish asosida jamiyatimiz hayotini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish borasida ayniqsa jonbozlik ko‘rsatdi.
Mahoratli jurnalist Safar Ostonov ijtimoiy hayotdagi ko‘plab dolzarb va keskin muammolarni dadil ko‘tarib chiqib, ularni xolis va haqqoniy yoritadigan, faol grajdanlik pozitsiyasi, vatanparvarligi bilan keng jamoatchilik o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozongan o‘tkir qalam sohibi edi.
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining faol a’zosi sifatida u o‘nlab iste’dodli yoshlarga jurnalistika sohasining sir-asrorlarini o‘rgatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun o‘zini ayamasdan, beg‘araz xizmat qiladigan mehribon va talabchan ustoz sifatida tanilgan edi.
O‘zbek matbuotining ko‘zga ko‘ringan namoyandasi, taniqli jamoat arbobi Safar Ostonovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi.
Iste’dodli publitsist, kamtarin va samimiy inson Safar Ostonovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasi